“Protestlar hokimlik tomonidan asossiz ravishda rad etilgan” – Navoiy viloyati prokuraturasi Zarafshondagi holatga munosabat bildirdi

Jamiyat 19:21 / 11.08.2021 7310

Kun.uz Zarafshon shahar prokuraturasi shahar hokimining 2021 yil aprel-may oylaridagi 59ta farmoyishini haqiqiy emas deb topish yuzasidan sudga ariza kiritgani, shahar hokimligi prokuraturaning keltirayotgan vajlarini asossiz deb hisoblayotgani hamda o‘rtada 59 nafar fuqaro sarson bo‘lgani haqida ma'lum qilgandi. Navoiy viloyati prokuraturasi mazkur holatga rasmiy munosabat bildirdi.

Munosabatda ta'kidlanishicha, 2020 yil va joriy yilning o‘tgan 6 oyida viloyat prokuraturasi organlari tomonidan 4579ta noqonuniy hujjatga protestlar kiritilib, 653tasi bekor qilingan, 3756tasi esa qonunga muvofiqlashtirilgan holda 7526 nafar (jumladan 424ta yuridik) shaxsning huquqlari tiklanishiga erishilgan.

Zarafshon shahar hokimligi tomonidan 139 nafar fuqaroga yengil konstruksiyali obektlarni o‘rnatishga ruxsat berish to‘g‘risida chiqarilgan farmoyishlar Yer kodeksining 23-, 33-, 61-, 62- va 64-moddalarida nazarda tutilgan talablar, ya'ni yer uchastkalariga egalik qilish, foydalanish uchun, ijaraga va mulk qilib berish (realizatsiya qilish) yer ajratish tariqasida amalga oshirilishi, yer ajratish faqatgina yer uchastkalarini berish masalalarini ko‘rib chiquvchi komissiyalarning dalolatnomasi asosida qaror chiqarish yo‘li bilan rasmiylashtirilishi lozimligi haqidagi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinmagan holda chiqarilganligi sababli viloyat prokuraturasi tomonidan faqatgina shu davrda qurilish ishlarini boshlamagan 59 nafar fuqaroga chiqarilgan farmoyishlarni bekor qilish to‘g‘risida protest keltirilgan.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan tadbirkorlarga qurilish ishlarini boshlamaslik to‘g‘risida rasman ogohlantirish xatlari yuborilgan. Zarafshon shahar hokimligi tomonidan protestlar asossiz ravishda rad etilganligi sababli “Prokuratura to‘g‘risida”gi Qonunning 38-moddasiga asosan sudga da'vo arizasi bilan murojaat qilingan hamda hozirda ma'muriy sud tomonidan mazkur ishlar ko‘rib chiqilmoqda”, — deyiladi prokuratura munosabatida.

Shuningdek, munosabatda holat yuzasidan Zarafshon shahar prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotgani, bu borada faqat sud tomonidan yakuniy to‘xtamga kelinishi ta'kidlab o‘tilgan. 

Ko‘proq yangiliklar: