Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda DXX organlari tomonidan hamkorlikda mamlakat bo‘ylab o‘tkazilgan tezkor tadbirlarda, fuqarolarni o‘qishga kiritish, ko‘chirish bilan bog‘liq firibgarliklarni sodir etgan shaxslar hamda talabani yakuniy nazorat imtihonidan o‘tkazib qo‘ymoqchi bo‘lgan dekan o‘rinbosari ushlangan.
Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Chilonzor tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro B.A. va boshqalar qo‘lga olingan. Ular, 7 300 dollar evaziga fuqaro A.ni Qirg‘izistondagi tibbiyot oliygohiga o‘qishga kiritib, keyinchalik yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishni Andijon davlat tibbiyot institutiga ko‘chirib berishini aytgan. So‘ng oldindan kelishilgan 7 300 dollar hisobidan 35,5 million so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Xuddi shunday, Departamentning Yuqori Chirchiq tuman bo‘limi hamda DXX Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro Sh.I. ushlangan. U fuqarolardan birini Chirchiq pedagogika institutiga kontrakt asosida ushbu institutda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va'da qilgan. So‘ng oldindan kelishilgan 3 000 dollar hisobidan 1 000 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Shuningdek, muqaddam 4 marta firibgarlik jinoyatlari uchun sudlangan fuqaro N.T. fuqaro T.ning o‘g‘lini IIV Akademiyasiga tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishga ishontirgan. Keyin evaziga 1 000 dollar olgan vaqtda Departamentning Muzrabot tumani bo‘limi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi Departamentning Buxoro tuman bo‘limi hamda DXX Buxoro viloyat boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro M.Q. qo‘lga olingan. U, fuqarolardan birining hujjatlarini transfer.dtm.uz saytida ro‘yxatdan o‘tkazib, Qozog‘istondagi OTMga bormasdan, bir yil o‘qigani haqida sertifikat va transkript hujjatlarini tanishlari orqali tayyorlab berishi evaziga 900 dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Bundan tashqari, Departament hamda DXX Samarqand viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Samarqand davlat chet tillar instituti fakultet dekani o‘rinbosari S.I. ushlangan. U fuqaro N.ning ushbu institutda ta'lim olayotgan qizini yakuniy nazorat imtihonidan o‘tkazib berish evaziga 550 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.