Samarqand viloyatida 1 gektar yerni 200 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Jamiyat 13:27 / 10.08.2021 7652

Ma'lum qilinishicha, DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirda Past Darg‘om tumani hududida 1 gektar yerni fuqaroga rasmiylashtirib berish evaziga undan 200 ming AQSh dollari talab qilgan shaxslar qo‘lga olingan.

Qayd etilishicha, 1988 yilda tug‘ilgan xususiy tadbirkor R.Sh. qarindoshi, 1954 yilda tug‘ilgan G‘.N. bilan o‘zaro jinoiy til biriktirib, tumanning Do‘stlik massivida joylashgan Kimyogarlar mahallasi hududidan yengil konstruksiyali issiqxona qurish uchun ajratilgan 1 gektar yer maydonini fuqaro A.Sh.ga rasmiylashtirib berish evaziga undan 200 ming dollari berishini talab qilgan.

DXX Samarqand viloyati boshqarmasi viloyat IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazgan tadbirda R.Sh. va G‘.N. mazkur fuqarodan kelishilgan mablag‘dan 190 ming dollarini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bundan tashqari, Jomboy tumanida yashovchi T.E. va N.D. Samarqand suv xo‘jaligiga qarashli bo‘lgan 16 sotix yer maydonini fuqaro Sh.B.ga noqonuniy ravishda rasmiylashtirib berishni va'da qilib, buning evaziga 33 200 dollar so‘ragan.

DXX va IIB hamkorligida o‘tkazgan tezkor tadbir davomida bu fuqarolar Sh.B.dan kelishilgan puldan 7 000 dollar olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Ta'kidlanishicha, har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Holat yuzasidan Jomboy tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat kodeksining 168- va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: