Korxona ishlab chiqarishning turli yo‘nalishlari hamda qishloq xo‘jaligi klasterida o‘z yo‘lini topgan. «FAYZ-M»ning yillik eksport salohiyati 25 million dollardan ko‘proq. Korxona faoliyati bilan tanishib, uning rahbari Farhodjon Zokirov bilan «FAYZ-M» jamiyatining buguni va ertasi haqida suhbatlashdik.
«FAYZ-M» korxonasi 2005 yil oilaviy korxona ko‘rinishida tashkil etilgan. Dastavval faoliyatni 10 kishi bilan tayyor trikotaj kiyimlarini ishlab chiqarishdan boshlaganmiz. Oyoqqa turib, 2009 yilda Rossiyada o‘z savdo uyimizni ochdik. O‘zbekiston trikotaj mahsulotlariga talab va ehtiyoj yuqori ekanligini his qilib, korxonani yanada rivojlantirish ishlarini rejalashtirganmiz.
2013 yilga kelib korxonamizda 300 nafardan ziyod ishchilar faoliyat ko‘rsata boshladi. 2014 yil bizda qo‘shimcha fabrikalar ochish imkoniyati tug‘ilib, «Forel» tekstil korxonasini barpo qildik. 2018 yilga kelib to‘quv sexlarini ishga tushirdik. Keyin ip-kalavaga ehtiyojimiz ortib, uni o‘zimiz ishlab chiqarishga qaror qildik. Yangi fabrikalar ochdik-da, ularda paxtadan ip-kalava ishlab chiqara boshladik.
2019 yildan klaster tizimida paxtani o‘zimiz yetishtirishga kirishdik. Mana, bugungi kunga kelib qariyb 5 ming gektar yerda fermerlarimiz bilan birgalikda paxta yetishtirish ishlarini olib boryapmiz.
Paxta yetishtirishda ham yangi tajribalar qilyapmiz. Chet eldan mutaxassislar olib kelib, birgalikda ishlayapmiz. Hosildorlikni yuqori darajaga olib chiqish uchun mexanizatsiya tizimlari joriy etildi. Hozir 500 gektar yerni tomchilatib sug‘oryapmiz. Shu asnoda hosildorlikni 50-55 sentnerga olib chiqishni maqsad qilganmiz», deydi «FAYZ-M» jamiyati rahbari Farhodbek Zokirov.
Hozirgi kunda jamiyatda quyidagi ishlab chiqarish liniyalari faoliyat yuritmoqda:
1. Paxta tozalash zavodi. Quvvati – 30 ming tonna. Qiymati – 10 mlrd so‘m. 100 ish o‘rniga ega;
2. O‘simlik yog‘i ishlab chiqarish liniyasi. Quvvati – 18 ming tonna. Qiymati – 1,2 mln AQSh dollari. 70 ish o‘rniga ega;
3. Kalava ip yigiruv sexlari. Quvvati – 4,8 ming tonna. Qiymati – 4,6 mln AQSh dollari. 120 ish o‘rniga ega;
4. Trikotaj xom mato to‘qish sexi. Quvvati – 3,2 ming tonna. Qiymati – 2,1 mln AQSh dollari. 50 ish o‘rniga ega.
5. Tayyor mahsulot tikuv sexi. Quvvati – 12 mln dona. Qiymati – 2 mln AQSh dollari. 700 ish o‘rniga ega.
6. Tsellofan ishlab chiqarish liniyasi. Quvvati – 1 000 tonna. Qiymati – 30 ming AQSh dollari. 10 ishchi o‘rniga ega.
Shuningdek, qishloq xo‘jalik klasteri tizimida 150 nafar doimiy va 500 nafar mavsumiy ish o‘rni yaratilgan. Korxona tizimida jami 1 200 kishi doimiy, 500 kishi mavsumiy ishlaydi.
Korxona klaster loyihasiga alohida e'tibor qaratib, tez orada un ishlab chiqarish liniyasini ishga tushirishni, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish maqsadida Buloqboshi tumanida 400 nafar aholini ish bilan ta'minlovchi korxonalar ochishni rejalashtirgan.
«FAYZ-M» qishloq xo‘jaligida xorij tajribasi va texnologiyalaridan samarali foydalanishni maqsad qilib, paxta yetishtirishda turkiyalik agronom Ali Kilheybe bilan ish olib bormoqda.
«Bu yil paxtalarimiz yaxshi. Xudo xohlasa, yuqori hosil olamiz. Yerni to‘g‘ri o‘g‘itlash va dori berish juda muhim. Hozirda nihollar yaxshi shonaladi, ko‘saklar ham yaxshi, kasallik yo‘q.
Kelgusi yil nasib qilsa, Turkiya texnologiyasi asosida ishlab, 55-60 sentnerdan hosil olamiz. Turkiyadagi dalalarda yomon o‘tlar bor. Bizdagi va sizdagi o‘sha begona o‘tlar bir xil. Dalalarimiz, tuprog‘imiz bir xil. Men Turkiyadagi do‘stlarimga Andijon havosi Turkiyaning Qora dengizidagi havoga o‘xshaydi, deyman. Xo‘jaobod ham salqin, ham paxta uchun yaxshi sharoiti bor. Hozir g‘o‘zalarda 28-30 tadan shona va ko‘sak bor. 10 sotix yerda o‘rtacha 5,5-6 ming tup paxta bor. 28-30 tadan shonaning har bittasi 2 gramm kelganida ham 60 gramm bo‘ladi. Bu esa hosil 40-45 sentner degani.
Sizlarda paxtaning yeri shudgorlashda sayoz chopiladi. Bir safar bir qarich tuproq bu yoqqa ag‘dariladi, keyingi yilda xuddi shu tuproq narigi yonga ag‘dariladi. Bu yaxshi emas, tuproqqa havo oldirish kerak. 60-70 sm.li chizellar bor. Biz Turkiyada «fantom» deymiz. Paxta terimi tugaganidan keyin yerga shu chizellarda ishlov berish kerak. Keyin paxta ekilishi oldidan o‘t dorisini solish kerak. Chunki dalada o‘tlar bor. Bu o‘tlar maydonni ham, paxtani ham bo‘g‘adi. Paxta shona tugayotganida ham o‘tlar bo‘g‘ib qo‘yadi. Bunga yo‘l qo‘ymaslik lozim. Keyingi yil 25 gektar yerda Turkiya texnologiyasini sinab ko‘ramiz», deydi turkiyalik agronom.
Korxona 2022 yilda mato ishlab chiqarish sexlarini barpo etishni ham rejalashtirgan. «FAYZ-M» keyingi yildan 30 mln dollarlik eksport qilish imkoniyatlarini hisob-kitob qilyapti.
«Ayni paytda «FAYZ-M» korxonasi 1 200 nafar ishchi-xodimlar ishlaydigan katta dargohga, katta oilaga aylandiki, kelajakda bundan-da yuksak marralarni zabt etishni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘yganmiz», deydi korxona rahbari Farhodbek Zokirov.
Elmurod Ermatov, Kun.uz maxsus muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov.