Aksilkorrupsiya agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida 8ta holatda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlandi

Jamiyat 19:39 / 10.08.2021 1331

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatida 8ta holatda budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan Qashqadaryo viloyatidagi budjet muassasalarida budjet to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining buzilishi holatlarini aniqlash, bartaraf etish va budjet sohasida korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, tizimda korrupsion holatlarni keltirib chiqarayotgan omillar o‘rganilgan.

O‘rganish davomida hududdagi budjet tashkilotlari tomonidan xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan boshqa to‘lovlarni to‘lash hamda qurilish uchun ajratilgan mablag‘larni soxta hujjatlar asosida talon-toroj qilish holatlari mavjudligi fosh etilgan.

Qayd etilishicha, agentlik tashabbusi asosida tanlov yo‘li bilan viloyatdagi 8 ta davlat moliyaviy nazorati obektida o‘tkazilgan kameral nazoratda jami 498 million so‘mlik budjet mablag‘lari talon-toroj qilingani aniqlangan.

Jumladan, Qashqadaryo viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi tomonidan 2020 yil davomida xodimlarga 60 ta holatda 94,4 million so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar asossiz hisoblab, to‘langan.

Shuningdek, Qashqadaryo viloyati yakkakurash sport turlariga ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi tomonidan 2021 yilda xodimlarga 29,5 million so‘mlik ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlar asossiz to‘langan.

Ta'kidlanishicha, o‘rganish yakunlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyat prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 205-moddasi va boshqa moddalari bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: