Xitoy-o‘zbek vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash vaqtincha to‘xtatildi

O‘zbekiston 13:38 / 09.08.2021 93284

Bugun, 9 avgustdan boshlab O‘zbekistonda ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash 1 hafta muddatga to‘xtatilgan. Bu haqida Kun.uz’ga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov ma'lum qildi.

Kun.uz’ga o‘zbek-xitoy vaksinasi (ZF-UZ-VAC-2001)ning birinchi dozasini olgan fuqarolardan murojaatlar kelib tushmoqda. Ma'lum bo‘lishicha, emlash punktlariga mazkur vaksinaning navbatdagi dozasini olish uchun murojaat qilgan fuqarolarga bir haftalik muddatdan so‘ng kelish so‘ralgan. Bu esa aholining ko‘plab savollariga sabab bo‘lmoqda. Chunki bungacha odamlar bu haqda ogohlantirilmagandi.

Kun.uz muxbiri aniqlik kiritish maqsadida Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati matbuot kotibi Muhammadjon Bozorov bilan bog‘landi. Uning tasdiqlashicha, 9 avgustdan boshlab o‘zbek-xitoy vaksinasining ikkinchi va uchinchi dozalari bilan emlash vaqtincha to‘xtatilgan.

«Respublikadagi vaziyatdan kelib chiqib 9 avgustdan boshlab emlash punktlarida ZF-UZ-VAC-2001 vaksinasi faqat birinchi dozasi bilan emlash uchun ishlatiladi. Ikkinchi va uchinchi dozalar bilan emlash vaqtincha – 1 haftaga to‘xtatib turiladi», dedi u.

Shuningdek, Bozorov Kun.uz’ga Sog‘liqni saqlash vazirligi immunizatsiya ishlari bo‘yicha rahbari Dilorom Tursunovaning mazkur masala yuzasidan bergan topshirig‘i aks etgan xatni taqdim qildi.

U bunday holat yuzaga kelishi vaksina yetishmovchiligi tufayli ekanini rad etdi.

«So‘nggi vaqtda O‘zbekistonga koronavirusga qarshi vaksinaning bir nechta turlari kirib keldi va emlash ishlari ancha jadallashdi.

Statistikani qaraydigan bo‘lsak, birinchi dozada vaksina olganlar soni bilan ikkinchi va uchinchi dozada emlanganlar orasida keskin farq mavjud. Ularning hisob-kitobini to‘g‘ri yuritish, emlash.uz platformasiga to‘g‘ri kiritish, emlanganlar orasida ham dozalarga ko‘ra saralab olish uchun vaqt kerak bo‘ladi.

Shu sababdan 1 hafta muddatga ushbu vaksinaning faqat birinchi dozasida emlash amalga oshiriladi. Shundan so‘ng qolgan dozalar bilan ham emlash yo‘lga qo‘yiladi. Bu uzilish faqat emlash jarayonini rejalashtirish uchun qilinmoqda», deydi SES mutasaddisi.

Eslatib o‘tamiz, 5 va 6 avgust kunlari O‘zbekistonga 2 mln doza xitoy-o‘zbek vaksinasi olib kelindi va shu vaqtgacha keltirilgan vaksina miqdori 14 mln 580 ming 60 dozaga (370 ming doza «Sputnik V», 710 ming doza AstraZeneca, 10,5 million doza ZF-UZ-VAC-2001, 3 million 60 doza Moderna) yetdi.

SSV ma'lumotlariga ko‘ra, 7 avgustgacha O‘zbekistonda koronavirusga qarshi jami 10 025 266 doza vaksina qo‘llab bo‘lingan.

Ko‘proq yangiliklar: