Qashqadaryo viloyatida joylashgan mas'uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli Muborak tumanida faoliyat yuritadigan avtokorxona to‘rt oydan beri ishchilariga maosh to‘lamay kelayotgani ma'lum qilindi. Mehnat vazirligi mazkur holat bo‘yicha munosabat bildirdi.
Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «Qashqadaryo texnologik transport» AJga qarashli 2-avtosaroy ishchilari joriy yilning 6 iyun kunidan boshlab mehnatga haq to‘lovsiz ta'tilga chiqarib yuborilgani va 4 oydan buyon oylik ish haqi berilmayotgani to‘g‘risida prezidentga videomurojaat yo‘llagan. Mazkur murojaat yuzasidan Qashqadaryo viloyati Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat inspektori tomonidan o‘rganish o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida ma'lum bo‘lishicha, Muborak tumanidagi 2-avtosaroy ishchi xodimlarining 2021 yil may-iyun oylari uchun oylik ish haqlari qonunda belgilangan muddatda to‘liq hisob-kitob qilinmagan. Bu bilan Mehnat kodeksining 150, 154, 161-moddalari talablari buzilgan.
Qayd etilishicha, aniqlangan holat yuzasidan korxona boshlig‘i nomiga Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasiga (Mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ko‘ra ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.