Qashqadaryo viloyatida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun o‘tkazilayotgan test sinovlarida uyali telefon ishlatgan va boshqalar o‘rniga kirgan ko‘plab shaxslar aniqlangan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Qarshi shahridagi «Nasaf» o‘yingohining mashg‘ulotlar maydonida oliy ta'lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari 2 bosqichda o‘tkazilmoqda. Abituriyentlar sinovlar o‘tkazilayotgan maydonga kirishidan avval har tomonlama tekshirilmoqda.
Shunday bo‘lsa ham ayrim shaxslar ma'lum manfaat evaziga birovning o‘rniga test sinovlarini topshirishga urinmoqda. Shuningdek, test sinovlariga uyali aloqa vositalarini olib kirishga urinishmoqda. Ichki ishlar xodimlarining sa'y-harakati bilan bunday shaxslar to‘xtatib qolinmoqda.
Jumladan, test sinovlari boshlangan 5 avgustdan boshlab 9 avgust kuni ertalab o‘tkazilgan sinovlargacha o‘zganing o‘rniga kirgan 24 nafar, uyali telefondan foydalangan 38 nafar shaxs aniqlangan.
Qayd etilishicha, hozirda ichki ishlar organlari aniqlangan holatlar yuzasidan surishtiruv ishlarini olib bormoqda.