2020 yil oxirida Andijon shahrida boshlangan, respublika bo‘ylab savdo va xizmat ko‘rsatish ofislarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyiha kengayib bormoqda va endi navbat serquyosh Toshkent va Nurafshon shaharlariga keldi. Toshkent shahri va Toshkent viloyatining markazida milliy operatorning yangi, zamonaviy va ergonomik ofislar tashrif buyuruvchilarga o‘z eshiklarini ochdi.
Ochilish marosimlarda Bosh vazir maslahatchisi – IT-texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov, O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov, Toshkent viloyat hokimi o‘rinbosari Shuhrat Hakimov, shuningdek, mahalliy hokimiyat vakillari va kompaniya rahbariyati ishtirok etishdi.
«Bugungi kunda davlatimiz siyosatining strategik maqsadi – bu O‘zbekistonni rivojlantirishning yangi bosqichiga, ya'ni raqamli hukumatga o‘tish va raqamli jamiyat, mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotini ta'minlash, fuqarolarning turmush tarzini yaxshilash, insonlarning ehtiyojlari va erkin rivojlanishini qondirish uchun keng imkoniyatlar yaratish, qadriyatlarga asoslangan rivojlanish modelini amalga oshirishdir. Shu maqsadda Prezidentimiz tashabbusi bilan «Raqamli O‘zbekiston – 2030» strategiyasi qabul qilinib, uning asosiy yo‘nalishlaridan biri davlat va iqtisodiyotni boshqarishni raqamli o‘zgartirish, ularning ochiqligi va shaffofligini ta'minlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishdir. O‘tgan davr ichida biz sezilarli yutuqlarga erishdik. Ko‘plab ijtimoiy loyihalar amalga oshirildi, buning natijasida O‘zbekistonning eng chekka nuqtalarida yashovchi aholi ham endi yuqori tezlikdagi internet va mobil aloqa xizmatlaridan bemalol foydalanishlari mumkin! Bu borada mamlakatimizning milliy operatori ham muayyan ishlar amalga oshirmoqda. Modernizatsiyalashgan ofislarning ochilishi ushbu keng ko‘lamli ishlarning davomi bo‘ldi», – dedi O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Shuhrat Sodiqov.
Loyihaning asosiy tamoyiliga ko‘ra, bu ofislarni ochishdan maqsad telekommunikatsiya texnologiyalari bozorida xizmat ko‘rsatish sohasini yangi bosqichga ko‘tarish va mobil aloqadan tortib mobil va uy internetigacha UZTELECOM milliy operatorining barcha xizmatlarini bitta xizmat ko‘rsatish ofisida birlashtirishdir.
Yagona falsafaga amal qilgan holda, Toshkentdagi sotuv va xizmat ko‘rsatish ofisi Eco Hi-tech uslubida yaratilgan va milliy operator abonentlariga qulaylik yaratish maqsadida zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan.
«UZTELECOM butun mamlakat bo‘ylab sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislarini modernizatsiya qilish va takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihani davom ettirmoqda. Ushbu loyiha doirasida ko‘plab shaharlarda yangilangan ofislarimiz o‘z eshiklarini ochgan bo‘lib, u yerda mehmonlar kompaniya xizmatlarining yangi imkoniyatlari bilan tanishtirildi. Yangi sotuv va xizmat ko‘rsatish ofislarimizni rekonstruksiya qilish loyihasining asosiy tamoyili abonentlarni eng ergonomik va qulay ofislar bilan ta'minlashdir. Endilikda ular UZTELECOM milliy operatorining barcha xizmatlarini, ya'ni uy va mobil internetni bir joyning o‘zida, tez va qulay tarzda ulashlari mumkin bo‘ladi», – deydi «O‘zbektelekom» AK bosh direktori Nazirjon Hasanov.
Shuningdek, endi UZTELECOM'ning xalq orasida «Aloqa uyi» nomi bilan mashhur bo‘lishga ulgurgan Nurafshon shahridagi yangilangan sotuv va xizmat ko‘rsatish ofisida ham viloyat aholisi barcha aloqa xizmatlaridan foydalanishlari mumkin, sababi bu yerda aholiga uyali aloqadan tortib mobil va uy internetigacha xizmatlar ko‘rsatuvchi UZTELECOM milliy operatorining ofislari, shuningdek, Respublika pochtasi, Aloqabank, O‘zbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish hududiy boshqarmasi faoliyat yuritadi.
«Prezidentimizning alohida e'tibori tufayli Vatanimizning shahar va qishloqlari har kuni o‘zgarib bormoqda. Bu jarayonlarning muhim omili davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan «Inson manfaatlari hamma narsadan ustun» degan ustuvor tamoyil bo‘ldi. Bu tamoyilning amalga oshirilishi natijasida Toshkent viloyatining markaziga aylangan Nurafshon shahri butunlay yangicha qiyofa kasb etmoqda. Shunisi e'tiborga loyiqki, «O‘zbektelekom» AK ham ushbu mintaqani rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda, bu esa munosib turmush tarzini yaratish uchun bir qator imkoniyat va sharoitlarni yaratmoqda. Telekommunikatsiya xizmatlarini ko‘rsatish uchun yanada qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida, Nurafshon shahrining markazida ushbu zamonaviy ofis qad rostladi va hozirda ilk tashrif buyuruvchilarni qarshi olishga tayyor», – qayd qildi Toshkent viloyati hokimi o‘rinbosari Shuxrat Xakimov.
«Bugun Nurafshon shahrida UZTELECOM'ning yangi zamonaviy va barcha qulayliklarni o‘z ichiga olgan yangi binosi qad rostladi. Bu shahar aholisi uchun juda yaxshi imkoniyat, chunki hozirda ham aloqa, ham bank, shuningdek pochta xizmatlaridan bir vaqtning o‘zida foydalanishlari mumkin. Avvallari bu yerda eski pochta xizmatlari binosi joylashgan edi, endi esa shahar ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib turuvchi zamonaviy inshoot foydalanishga topshirildi. Buning uchun biz bu loyihani amalga oshirgan barcha mas'ullarga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz», – deydi telekommunikatsiya sohasi faxriysi Jumaboy Bo‘tayev.
Bayram UZTELECOM'ning eng yaxshi an'analari va uslubida – yoqimli musiqa va raqs hamrohligida mehmonlarning chiqishlari bilan o‘tkazildi. Shuningdek, xodimlar ofisga tashrif buyuruvchilar uchun qisqa ekskursiya o‘tkazdilar va bu yerdagi yangiliklar bilan tanishtirdilar.
Ta'kidlash joizki, ushbu loyiha kompaniya tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda va kelajakda milliy operator abonentlarini bir qator yangiliklar kutmoqda.
Reklama huquqi asosida