Qashqadaryoda yongan Lacetti hodisasi tafsilotlari ma'lum qilindi

Jamiyat 20:01 / 07.08.2021 5025

Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan va uning ichida bo‘lgan 4 nafar shaxs tiriklayin yonib ketgan edi. Ma'lum bo‘lishicha, yonib ketganlarning ikki nafari voyaga yetmagan bolalar bo‘lgan.

Joriy yil 5 avgust kuni M39 Almati-Toshkent-Termiz xalqaro avtomobil yo‘lining Dehqonobod tumanidan o‘tgan qismida Toshkent shahrida yashovchi 53 yoshli fuqaro Sh.K. boshqaruvidagi Lacetti Termiz-Toshkent yo‘nalishi bo‘ylab harakatlanib borayotgan Xorazm viloyatida yashovchi 23 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Isuzu yuk mashinasiga urilgan. To‘qnashuv oqibatida Lacetti mashinasida yong‘in kelib chiqqan va uning ichida bo‘lgan to‘rt nafar fuqaro tanib bo‘lmas darajada kuyib vafot etgan.

Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmatining xabar berishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasi yuzasidan Dehqonobod tumanida o‘tkazilgan muhokama yig‘ilishida Lacetti’da yonib ketgan shaxslarning ikki nafari voyaga yetmagan, 2008 va 2009 yilda tug‘ilgan bolalar bo‘lgani ma'lum qilingan.

To‘qnashuv guvohlarining aytishicha, boshqaruvni yo‘qotgan Lacetti katta tezlikda bo‘lmagan va ro‘paradan kelayotgan Isuzu yuk mashinasiga ham uncha kuchli bo‘lmagan zarb bilan urilgan. To‘qnashuv oqibatida yong‘in kelib chiqqandan so‘ng, mashinaning yonilg‘isi ham yonishni boshlagan va shu sababli jabrlanuvchilarni qutqarishning imkoni bo‘lmagan.

Ko‘proq yangiliklar: