Muloqot vakillari Markaziy Osiyo davlatlari tomonidan gender tengligini ta'minlash bo‘yicha siyosatni amalga oshirishda erishilgan yutuqlarni ko‘rib chiqib, mintaqaviy hamkorlikning turli sohalarida Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlash masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, davlatlar o‘rtasidagi gender siyosati sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish va ayollarning jamiyat hayotidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Qayd etilishicha, 2019 yilda Qirg‘iziston ayollarning mahalliy saylovlarda kamida 30 foiz mandatlarini kafolatlaydigan qonun qabul qilgan, shu tufayli ayollar 43 ta mahalliy kengashlarning raisi etib saylangan. Mahalliy hukumat rahbariyatidagi ayollar soni ham sezilarli darajada oshgan.
Tojikistonda 2020 yilgi parlament saylovlari natijalariga ko‘ra, parlamentning quyi palatasida ayollar ulushi 19% dan 23,8% gacha, parlamentning yuqori palatasida esa 18,7% dan 25,8% gacha oshgan.
Ta'kidlanishicha, O‘zbekistonda hukumatning yuqori pog‘onalarida ayollar ulushi darajasi 26,6% ga yetgan. O‘zbekistonda davlat tuzilmalarida ishlash uchun 15 ming nafar yuqori malakali ayollardan iborat mustahkam kadrlar zaxirasi shakllantirilgan.
Forumda Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva so‘zga chiqdi. U o‘z nutqida mazkur muloqotga O‘zbekistonning raisligi doirasida uni mintaqadagi ayollar o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan yangi, yuqori sifatli maslahatlar platformasi sifatida shakllantirish uchun barcha sa'y-harakatlar ishga solinishini ta'kidladi.
Norboyeva, shuningdek, 2021 yil may oyida O‘zbekiston Respublikasi Senati 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish milliy strategiyasini tasdiqlaganini qayd etdi.
“Hujjat zaxiradagi ayollarni maxsus dasturlar asosida tizimli o‘qitish, ularni rahbarlik lavozimlariga tayinlash, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish kabi bir qator yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi”, – dedi O‘zbekiston Senati raisi.
BMT Taraqqiyot dasturining Yevropa va MDH bo‘yicha mintaqaviy byurosi rahbari Miryana Spolyarich-Egger o‘z so‘zida muloqotni bir necha oy oldin ishga tushirganlarida uning bu qadar muvaffaqiyatli bo‘lishini tasavvur ham qila olishmaganini aytdi.
“Toshkentdagi ayollar biznes-forumidan tortib, Ayollar maqomi bo‘yicha komissiyasining maslahatlashuvlari va ayollar yetakchiligi, nizolarning oldini olish va tinchlik o‘rnatish bo‘yicha davra suhbatiga qadar birgalikda tashkil etilgan tadbirlar ayollarning harakatlarini birlashtirish orqali qanchalik ko‘p ish qila olishini ko‘rsatadi", – dedi u.
Forumda nutq so‘zlagan BMT bosh kotibining Markaziy Osiyo bo‘yicha maxsus vakili Natalya German ayollarning to‘liq iqtisodiy ishtirokisiz gender tengligiga erishish imkonsizligini ta'kidladi.
“Shuning uchun ham muloqotimizning bu yo‘nalishdagi faoliyati juda muhim. Ayollarning iqtisodiy salohiyati va iqtisodiy hamkorligining rivojlanishi shubhasiz mintaqaning rivojlanishi, yangi imkoniyatlar ochilishi, barqaror tinchlik va xavfsizlikka hissa qo‘shishiga yordam beradi”, – dedi N.German
Tadbirda, shuningdek, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqotining vakillari – Turkmaniston Milliy Gengesh Mejlisi raisi Gulshat Mammedova, Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisi Xalqaro munosabatlar, mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Aygul Kuspan, Qirg‘iziston Respublikasi Jo‘g‘orku Keneshi torag‘asi o‘rinbosari Aida Kasimaliyeva, Tojikiston Respublikasi hukumati huzuridagi Xotin -qizlar va oila masalalari qo‘mitasi raisi Hilolbi Qurbonzoda ham ishtirok etdi.