Samarqandda sherigining 16 ming dollar pulini o‘zlashtirib totalizatorda yutqazgan yigitga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Jamiyat 19:56 / 06.08.2021 2344

Samarqandda savdo sherigining pulini o‘zlashtirib bukmekerlik saytlari orqali totalizatorda yutqazgan va yana bir fuqaroning «Damas» mashinasini olib sotib yuborgan yigitga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil may oyida 26 yoshli S.F. 28 yoshli tanishi X.Sh.ning ishonchiga kirib, unga salqin ichimliklar savdosi bilan shug‘ullanish va foyda ko‘rishni taklif qilib, jami 16 000 AQSh dollari miqdoridagi pullarni qo‘lga kiritgan. So‘ng ushbu pullarni bukmekerlik saytlari orqali mavjud o‘yinlarga tikib, yutqazib qo‘ygan hamda bugungi kunga qadar X.Sh.ning pullarini qaytarib bermasdan, aldab kelgan.

Bundan tashqari, S.F. tanishi T.J.ga tegishli «Damas» mashinasini pullarni bo‘lib to‘lab berish sharti bilan 9 000 dollarga xarid qilgan. Biroz muddatdan so‘ng fuqarolardan birini «Damas» o‘ziga tegishli ekaniga ishontirib, mashinani unga 6 200 dollarga sotib, pullarni o‘zining shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi holatlar yuzasidan S.F.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: