O‘zbekiston bo‘yicha 2300dan ziyod ayol aliment to‘lashi ma'lum qilindi

Jamiyat 22:28 / 06.08.2021 14527

“Sud bola otasi bilan qolishi haqida qaror chiqargan taqdirda, onalarni farzandlari voyaga yetgunga qadar ularning moddiy ta'minoti uchun aliment to‘lashga majburlaydi. Ayni paytda O‘zbekistonda 2364 nafar ayol aliment to‘lamoqda.

Sud qarorlariga ko‘ra, ayollar alimentni sobiq turmush o‘rtoqlariga to‘lashadi”, - dedi MIB huquqiy ta'minlash va xalqaro huquqiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasimxon Burhonov 6 avgust kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

MIB mulozimining ma'lumot berishicha, byuro xodimlarining sa'y-harakatlari bilan 2021 yil boshidan buyon 11 400 nafar er-xotin yarashgan.

Avvalroq O‘zbekistonda 2021 yilning birinchi yarmida oilaviy ajrimlar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 34 foizga ortgani, yil boshidan beri qariyb 20 mingta oila ajrashgani, eng ko‘p ajrashishlar Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgani ma'lum qilingandi.

2021 yil 1 martdan boshlab ijro hujjatlari bo‘yicha aliment majburiyatlarini bajarish qarzdorlar tomonidan Aliment majburiyatlarini ijro etish va nazorat qilishning yagona axborot tizimi orqali amalga oshirilmoqda.

Ma'lumot uchun, Majburiy ijro byurosida hozirda ish yurituvidagi 1 million 90 mingga yaqin ijro hujjatining 268 mingdan ortig‘ini (24,6 foizi) aliment to‘lovlariga oid ijro ishlari tashkil qiladi.

Ko‘proq yangiliklar: