Samarqand viloyatida elektr energiyasi iste'molchilariga joriy yil dekabr oyidan boshlab quyosh energiyasi yetkazib berish boshlanadi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Samarqand viloyati Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasini qurish ishlari davom etmoqda. Mazkur stansiyani joriy yilning to‘rtinchi choragida ishga tushirish rejalashtirilgan.
Hozirda kirish yo‘llarini qurish, yer maydonini tekislash va to‘siqlar bilan o‘rab chiqish ishlari yakunlangan. Shuningdek, Nurobodga loyiha doirasida ishlatiladigan uskunalar olib kelinmoqda. Hozirga qadar 50 ta konteyner olib kelingan va 200dan ortiq ishchilar jalb qilingan.
Ilk generatsiya quvvatini yagona elektr energetikasi tizimiga ulash 2021 yil oktabr oyiga, loyihani to‘liq ishga tushirish esa 2021 yilning dekabr oyiga rejalashtirilgan.
Qayd etilishicha, mazkur stansiyaning ishga tushirilishi natijasida yiliga 260 million kilovatt soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 76 million metr kub tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishiladi.
Ma'lumot uchun, prezidentning 2020 yil 13 may kuni chiqargan «Samarqand viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan fotoelektrik stansiyani qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga asosan Fransiyaning «Total Eren S.A.» kompaniyasi bilan hamkorlikda Samarqand viloyatining Nurobod tumanida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi qurilmoqda.
Mazkur investitsiya loyihasi doirasida barpo etilayotgan elektr stansiyasining umumiy yer maydoni 353 gektarni, loyiha qiymati esa 100 million AQSh dollarini tashkil etadi. Mazkur loyiha investor (Fransiyaning «Total Eren SA» tomonidan 100 foiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladi.