Ma'lum qilinishicha, 2016 yilda shahar hokimining qarori asosida Samarqand shahridagi «FAYZ» MChJga (tadbirkorlik sub'yektining nomi o‘zgartirilgan) ofis binosi qurish uchun 1 gektar yer maydoni ajratib berilgan. Keyinchalik «FAYZ» MChJ tadbirkorlik faoliyatini yanada kengaytirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish maqsadida o‘ziga ajratilgan yerda mehmonxona binosi qurishni rejalashtirgan. Shu maqsadda barcha ruxsat beruvchi tashkilotlardan hujjatlar to‘planib, qurilish ishlari amalga oshirilgan.
Shu orada, 2018 yil noyabr oyida Samarqand shahar hokimi tomonidan yangi qaror qabul qilingan va shundan so‘ng tadbirkorning faoliyatida ko‘plab muammolar yuzaga kelgan. Hokimning qarori bilan «FAYZ» MChJ tomonidan qurilgan 4 qavatli mehmonxona binosi va u joylashgan yer maydoni tadbirkorga qo‘shni bo‘lgan litseyga doimiy foydalanishga berib yuborilgan. Tadbirkor esa bu haqda umuman ogohlantirilmagan.
Qayd etilishicha «FAYZ» MChJ 2020 yilda shahar kadastr idorasiga o‘zi tomonidan qurilayotgan mehmonxona binosiga kadastr pasportini tayyorlab berishni so‘rab murojaat qilgan. Shunda kadastr idorasi va Samarqand shahar hokimligi mas'ul xodimlarining xatosi tufayli tadbirkor tomonidan qurilish qilingan yer maydoni litseyga berib yuborilganligi ma'lum bo‘lgan.
2020 yil may oyida kadastr korxonasining Samarqand shahar filiali tomonidan Samarqand shahar hokimligiga litseyga egalik huquqini berish to‘g‘risidagi qarorga o‘zgartirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘rab xat kiritilgan. Biroq shahar hokimligi tadbirkor manfaatiga zid ravishda chiqargan o‘z qarorini o‘zgartirishni rad etgan va tadbirkorga ushbu masalada sudga murojaat qilishi mumkinligini bildirgan.
Shundan so‘ng tadbkirkor o‘z huquqlarini tiklashni so‘rab Biznes-ombudsmanga murojaat qilgan. Murojaat asosida o‘tkazilgan o‘rganishlardan so‘ng Biznes-ombudsman ma'muriy sudga shikoyat kiritgan. Ushbu shikoyat Jomboy tuman ma'muriy sudida ko‘rib chiqilgan va sud tomonidan bir qancha asoslar inobatga olinmasdan, aksincha ma'muriy sudga murojaat qilish muddati o‘tkazib yuborilgani vaj qilinib, shikoyatni qanoatlantirish rad etilgan.
Birinchi instansiya sudining qarori ustidan Samarqand viloyat sudiga kiritilgan kassatsiya shikoyati viloyat ma'muriy sudining 2021 yil fevral oyidagi qarori bilan qanoatlantirishdan rad qilingan. Ushbu sud jarayonida Biznes-ombudsman devoni xodimlari va tadbkirkorning birinchi instansiya sudi tomonidan noto‘g‘ri qaror chiqarilgani bo‘yicha keltirgan vajlari inobatga olinmagan. Har ikkala sudda Oliy sud Plenumining qaroriga zid ravishda tadbirkor karantin paytida sudga murojaat qilish muddatini o‘tkazib yuborgan degan xulosaga kelingan.
Ta'kidlanishicha, Biznes-ombudsman mazkur sud qarorlari ustidan Oliy sudga shikoyat kiritgan. Oliy sudning 2021 yil 12 iyuldagi qarori bilan Jomboy tuman ma'muriy sudi va Samarqand viloyat ma'muriy sudining qarorlari bekor qilinib, ish yuzasidan yangi qaror qabul qilingan. Ushbu qarorga muvofiq Samarqand shahar hokimining «FAYZ» MChJ manfaatiga zid ravishda chiqarilgan qarori qisman haqiqiy emas deb topilgan. Hokimlik hamda kadastr idorasi zimmasiga tadbirkor foydasiga bir qator vazifalarni bajarish yuzasidan majburiyatlar yuklatilgan.