Qoraqalpog‘istonda stansiyada turgan vagon yonib ketdi

Jamiyat 18:04 / 04.08.2021 8749

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Qoraqalpog‘istondagi Qoratov stansiyasida yo‘lovchi poyezdida yong‘in sodir bo‘lgani haqida tarqalgan video yuzasidan ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 4 avgust kuni soat 13:29 da Qoraqalpog‘iston Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Qorao‘zak tumani «Qorao‘zak» stansiyasida turgan vagonlarning birida yong‘in sodir bo‘layotgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan.

Shunga ko‘ra, 3 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 14:30 da voqea joyiga yetib borgan. Yong‘in soat 14:40 da o‘rab olinib, 14:58 da to‘liq bartaraf etilgan.

Ta'kidlanishicha, yong‘in o‘chirish qismidan yong‘in sodir bo‘lgan manzilgacha masofa, taxminan, 45 kilometrni tashkil etadi.

Ma'lum bo‘lishicha, yong‘in Qo‘ng‘irot yo‘li mashina stansiyasiga qarashli ishchilar yotoqxona sifatida foydalanishga mo‘ljallangan, boshqa tarkibdagi vagonlardan alohida turgan vagonda sodir bo‘lgan.

Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Mazkur holat yuzasidan dastlabki tergov oldi surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Voqea joyiga Qoraqalpog‘iston Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbar xodimlari va tuman FV bo‘limi xodimlari borgan.

Ko‘proq yangiliklar: