UzbekLife xorijda istiqomat qilayotgan hamyurtlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi. Navbatdagi suhbatdoshimiz Janubiy Koreyaning Kyonsang universiteti doktoranti Dilfuza Guzarova.
Suhbatimiz vatandoshimizning Koreyadagi hayoti, oilasi, karerasi haqida kechdi.
GKS dasturining stipendiya g‘olibi bo‘lganman
O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetida o‘qiganimda o‘rganish uchun ikkinchi til sifatida koreys tilini tanladim. Universitetimiz va koreys universitetlari o‘rtasidagi talaba almashinuv dasturida ham g‘olib bo‘ldim va bir yil Koreyada ta'lim olib keldim.
O‘qishni tugatgach, Koreyadagi eng nufuzli GKS (Global Korea Scholarship) dasturi stipendiyasini yutib, Koreyada magistraturada o‘qish imkoniyatini qo‘lga kiritdim. Ushbu stipendiya dasturiga ko‘ra g‘oliblarga o‘qish xarajatlari to‘liq qoplab beriladi. Bundan tashqari, yashash xarajatlari uchun 1 mln von (taxminan 1000 AQSh dollar) miqdorida stipendiya beriladi. Agar koreys tilini bilish darajasi TOPIS 5-6 bo‘lsa, yana qo‘shimcha 100 ming von (taxminan 100 AQSh dollar) stipendiya beriladi. Sug‘urta puli universitet tomonidan qoplanadi va tadqiqot o‘tkazish va bir qator xarajatlar uchun ham har semestrda 200 dollardan pul ajratiladi. Diplom yozish bilan bog‘liq xarajatlar uchun esa 500 dollardan 800 AQSh dollargacha pul beriladi. Grantni muvaffaqqiyatli tamomlagan talabalar uchun mamlakatiga qaytish chiptasi va turli sovg‘alar, shuningdek, 100 AQSh dollari pul sovg‘a tariqasida taqdim etiladi.
Baholar 90 dan yuqori bo‘lishi kerak
Men ikki yillik magistraturani muvaffaqiyatli bitirib, doktoranturada ham ushbu universitetda o‘qiyapman. Bu yerda talaba koreys tilidan yetarli bilimga ega bo‘lmasa, 1 yil til kurslarida koreys tilini o‘rganishiga to‘g‘ri keladi. Men stipendiya yutganimda TOPIS 5 darajam bo‘lgani sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri magistraturada o‘qishni boshlaganman. Magistraturaga o‘qish uchun kelish xarajatlari ham ushbu grant tomonidan qoplangan. Aynan shu stipendiya bo‘yicha PhD o‘qish uchun magistraturadagi baholar 90 dan yuqori bo‘lishi talab qilinadi.
Hozir ta'tilda oilam bilan ko‘proq vaqt o‘tkazyapman
Hozir Koreyada ham ta'til davri. Talabalar, odatda, iyun oyi oxiridan sentyabrgacha ta'tilda bo‘lishadi. PhD ishimni hali to‘liq boshlamadim. Sababi yaqinda farzandli bo‘ldim. Faqatgina mavzu va yo‘nalishlarini aniqlab oldim va ma'lumotlar yig‘ish bilan bandman. Tadqiqotim ilmiy rahbarim bilan kelishgan holda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlarga bog‘liq mavzuda bo‘ladi.
PhD mavzusini tanlash juda ahamiyatli bo‘lib, bu yerda ba'zan
10 yillab tadqiqot ishini himoya qila olmaslik hollari ham kuzatilgan. Bunda ma'lum bir tadqiqot ishi ilm-fan va jamiyat uchun foydali va arzirli bo‘lishi kerak.
GKS stipendiyasi g‘oliblari ishlashlari mumkin emas. Chunki o‘qish moliyaviy jihatdan to‘liq qoplanishi sabab universitet talabalarining asosiy e'tibori o‘qishda bo‘lishini xohlashadi. Professorga yordamchilik qilish, tarjimonlik kabi ishlar bundan mustasno hisoblanadi. Hozirda ko‘proq oilam va farzandlarim bilan vaqt o‘tkazyapman. Sentyabrdan kichik farzandimni ham bog‘chaga bersam, yana ilm olishga qaytaman.
Koreyadagi bog‘chalar
Koreyada bog‘chalarning ikki turi mavjud: davlat bog‘chalari va uy (xususiy) bog‘chalar. Ushbu ikkala turdagi bog‘chalar o‘rtasida farq u qadar katta emas. Uy (xususiy) bog‘chalar ochishni istagan kishilar bu bog‘chalarni o‘z uylarida tashkil etadi. Bu turdagi bog‘cha ochishning sharti ular davlat bog‘chalari kabi barcha standartlarga ega bo‘lishi kerak. Bog‘chalarda bolalarni tarbiyalash soat 9.00 dan 17.00 ga qadar davom etadi. Ammo ota-onalar ishlasa, shuningdek, bolalarga qarovchi kishi bo‘lmasa, ertalab 8.00 dan bog‘chalar bolalarni qabul qilib oladi. Kechqurun bolalarni olib ketish ham eng uzog‘i 19.30-20.00 gacha cho‘zilishi mumkin. Ammo standart vaqt 17.00 gacha bo‘lgani uchun ortiqcha soatlarga qo‘shimcha pul to‘lanadi. Masalan, bir soat kechiktirilgan vaqt uchun 3 dollar to‘lov qilinadi.
Davlat bog‘chalarida ham, uy bog‘chalarida ham to‘lovlar bolalarning yoshiga qarab belgilanadi. Bir yoshli bolalar uchun alohida to‘lov, ikki yoshli bolalar uchun alohida to‘lov amalga oshiriladi. Bolaning yoshi kattalashib borgani sari to‘lovlar ham kamayib boradi. Shuni aytib o‘tishim mumkinki, Koreyada ota-onalar farzandlarini 3 oyligidan boshlab bog‘chaga berishi mumkin. Bu yoshdagi bolalar uchun eng yuqori to‘lovlar to‘lanadi.
Bog‘cha uchun to‘lovlar davlat tomonidan qoplanadi
Masalan, bir yoshli bolalar uchun bir oylik bog‘cha to‘lovi 484 ming von bo‘lib, asta-sekin kamayib boradi. Bu summa ota-onalar uchun og‘ir botmaydi, chunki to‘lov davlat tomonidan qoplab beriladi. Ba'zi oilalar uchun 50 foiz, boshqa bir oilalar uchun esa 100 foizgacha qoplab berilishi mumkin. Koreyada farzand tug‘ilish darajasi past bo‘lganligi sababli bu kabi imkoniyatlar yaratilgan. Bundan tashqari, 2 yoshgacha bo‘lgan farzandi bor oilalar uchun har oyda chaqaloqlarga zarur bo‘lgan bir qancha oziq-ovqat va boshqa turdagi mahsulotlar bepul taqdim etiladi.
Afsuski, bu imkoniyatlar xorijiy ota-onalar uchun tatbiq etilmaydi. Faqatgina koreys fuqarosi bilan turmush qurgan xorijliklargina bunday imkoniyatlardan foydalana oladi.
Davlat bog‘chalariga bolalarni qabul qilish 2 semestrda bo‘lib o‘tadi: kuzgi va bahorgi. Kuzgi semestr uchun qabul sentyabrda, bahorgi uchun mart oyida boshlanadi. Aslida hujjatlarni rasmiylashtirish va bolani moslashtirish jarayoni 2 hafta oldin boshlanadi. Ko‘nikish davrida bolalar dastlab ikki soatdan bog‘chada qolishsa, keyinchalik butun kun davomida qoladigan bo‘lishadi. Har bir semestr so‘ngida bir haftalik ta'tillar beriladi.
Koreya bog‘chalaridagi “bog‘cha opa”lar juda mehribon, o‘z ishining ustasi. Ularda haftalik reja bo‘lib, uni har kuni ota-onalarga jo‘natib turishadi va bu orqali ota-onalar farzandlari nima bilan mashg‘ul ekanini bilib olishadi. Bundan tashqari, maxsus mobil ilova ham mavjud, unga farzandingiz ismini kiritish orqali uning qay ahvolda ekanligi, nima qilayotganligi, sog‘ligi va shuningdek, bolaning bir oylik ovqatlanish menyusi haqida ma'lumotga ega bo‘lish mumkin. Ushbu menyuda halol bo‘lmagan mahsulotlar borligini ko‘rsangiz, murabbiyga murojaat qilib, ushbu ovqatni o‘zgartirishni so‘rashingiz mumkin.
Shunisi qiziqarliki, Koreyada bolaning yoshini hisoblashda ona qornidagi vaqt ham hisobga olinadi. Ya'ni Koreyada yangi tug‘ilgan chaqaloqlar allaqachon bir yoshga kirgan hisoblanadi.
Koreyada bog‘chalarni ikki bosqichga bo‘lish mumkin: bolalar uyi (orinechip) va bog‘cha. Birinchisiga chaqaloqlikdan to‘rt yoshgacha bo‘lgan bolalarni, ikkinchisiga boshlang‘ich maktabga chiqish arafasidagi bolalarni berish mumkin. Shu jihati muhimki, Koreyada bolalar bog‘cha davomida o‘qish, yozish va hisoblashni to‘liq o‘rganib, so‘ngra maktabga chiqishadi.
Koreyslar bitta farzand uchun 70 ming dollargacha sarflashadi
Yuqorida aytib o‘tganimdek, Koreyada tug‘ilish soni anchayin qisqarib ketmoqda. Koreys xalqining nuqtayi nazaridan kelib chiqib aytadigan bo‘lsam, buning sababi koreyslarning bitta farzand uchun uning tug‘ilishidan tortib, to o‘qishi uchun xarajatlar 70 mln vonni (taxminan 70 ming dollar) tashkil qilishidan xavotirga tushishlaridadir. Chunki ular farzandlarini faqat maktab yoki kollejda emas, balki eng kamida magistratura bosqichini ham o‘qishini xohlashadi. Shunday ekan bitta farzandni yuqori darajalarga erishishini afzal ko‘rishadi. Hukumat ham shunga yarasha ta'lim tizimiga o‘ta yuqori e'tibor qaratadi. Bundan hatto bog‘cha tizimi ham chetda qolmaydi.
Farzandlarim ikkita tilda gapirishadi
Hozir 2 nafar farzandim bor. Qizim Farzona 2 yoshda, o‘g‘lim Muhammadali hali 6 oylik. Qizim bog‘chaga chiqadi. U yerda muloqot koreys tilida bo‘lganligi sabab unga o‘zbek tilidan tashqari koreys tilini ham yaxshilab o‘rgatishga harakat qilamiz. Shuni o‘z tajribamizda ko‘rdikki, ikki tilli oilada farzandlar tili sal kechroq chiqarkan. Chunki unda koreys tilida gapirish kerakmi yo o‘zbek tilida, degan ikkilanish bor. Ammo farzandlarim, albatta, o‘zbek tilini 100 foiz bilishlarini ta'minlayman.
Koreyada ota-onalar farzand tarbiyasiga juda katta e'tibor qaratishadi. Eng oddiy, elementar narsalarda ham farzandlari bilan birga bo‘lib, ularni qo‘llab-quvvatlab turishadi, ular bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qilishadi. Dengiz bo‘yidagi oddiy bir chig‘anoqni ko‘rib qolgan farzandiga uni erinmasdan tushuntiradi, barcha savollariga diqqat bilan javob berishadi. Bu narsa mening e'tiborimni tortgan va men ham uy ishlari, o‘qishdan bo‘sh vaqtlarimda farzandlarim bilan ko‘proq vaqt o‘tkazishga harakat qilaman.
Koreyada bolalarni bog‘chaga olib borish va keltirib qo‘yish uchun maxsus avtobuslar bor. Bolalarning sumkasida esa maxsus uskuna bo‘lib, u bolaning bog‘chaga xavfsiz yetib borgani, bog‘chadan chiqqani, qancha vaqtda yetib kelishi haqida sizga ma'lumot berib turadi.
Tushlik uchun berilgan pullarga ingliz tili repetitoriga borardim
Bolaligimdan chet tillarini o‘rganishga va o‘rgatishga juda qiziqardim. Xususan, ingliz tilini 4-sinfda o‘rganishni boshlaganman. Repetitorga pul topishga biroz qiynalganimiz uchun oyim tushlik uchun bergan pullarni yig‘ib, repetitorimga berardim. Juda qiziqqon bo‘lganman, yangi narsalar kashf qilib yurardim. Koreys tilini ham shunday qiziqish va atrofdagilar ta'sirida chuqur o‘rganishga kirishganman. Koreys tilini grammatik va lingvistik jihatdan o‘rganish biroz qiyinchilik tug‘diradi. Shunga qaramasdan, uni bemalol o‘rganish mumkin. Buning uchun esa, avvalo, o‘z ona tilingizni mukammal bilishingiz kerak. Bizga universitetdagi professorlarimiz qayta-qayta takrorlaydigan bir gap bor: “Xorijlik talabalar! Koreys tilini mukammal o‘rganishingiz mumkin, ammo o‘z ona tilingizni bilmasangiz, ikkala tilni solishtira olmaysiz”. Shunga amal qilgan holda doimiy ravishda o‘zbek va koreys tillari grammatikasi, lingvistikasini solishtirib, kitoblar o‘qib boraman.
O‘zbek tilidagi yagona manba izohli lug‘at bo‘lgan
Koreyada bakalavr, magistratura va doktorlik ishlarini tugatgach, talabalar ularni maxsus bazaga topshirishadi. Ushbu baza bo‘lg‘usi magistr va doktorlar uchun ajoyib manba bo‘lib xizmat qiladi. O‘z mavzuingizga doir avvalgi qilingan ishlarni tahlil qilish va o‘z ishingizda foydalanishingiz mumkin. O‘zim ham magistr diplomimni yozib bo‘lgach, ushbu bazaga topshirganman. Bazaga ishlar plagiatdan o‘tgach joylanadi va bu ishni muvaffaqiyatli tugatishingiz uchun muhim faktor hisoblanadi.
Tan olib aytish kerakki, o‘zbek tilidagi adabiyotlar, tadqiqot ishlari va boshqa resurslarning elektron variantini topish biroz mushkul. Magistr diplom ishimni yozish uchun o‘zbek tilida topa olgan yagona manbam “O‘zbek tilining izohli lug‘ati” bo‘lgan edi. Hozirgi PhD tadqiqot ishim aynan o‘zbek va koreys tillarini o‘zaro solishtirish bo‘lgani uchun o‘zbek tilida manba topishda biroz qiyinchilikka duch kelyapman. Yuqoridagi kabi bazaning o‘zbek tilida ham mavjud bo‘lishi xorijdagi o‘zbek talabalari uchun ayni muddao bo‘lardi.
Olima bo‘lishim kerak
Sekin ortimga nazar tashlaydigan bo‘lsam, ba'zilar uchun bir qancha muvaffaqiyatlarga erishganday ko‘rinishim mumkin. Nufuzli xalqaro stipendiya g‘olibi bo‘lish, muvaffaqiyatli tamomlangan magistratura, doktorlik ishi, shuningdek, baxtli oilaga ega bo‘lish, ikkita shirindan shakar farzandning onasi bo‘lish, albatta, katta baxt. Ammo oldinga qarab aytamanki, hali qiladigan ishlarim ko‘p. O‘zbek-koreys tilida qo‘llanmalar yaratish, ikki til o‘rtasidagi madaniy-ma'rifiy, ijtimoiy-iqtisodiy aloqalarni birlashtirishga hissa qo‘shuvchi olima bo‘lishim lozim. Koreys tilidagi nodir manbalarni o‘zbek tilida, o‘zbek tilidagilarni koreys tilida o‘qishga imkon yaratish, til chegarasini imkon qadar qisqartirish va shu orqali ilm-fanga biroz bo‘lsa-da hissa qo‘shish eng oliy maqsadim.
“Yo‘l bo‘lsin. Uni olish senga emas” deganlar bo‘lgan
Mashhur insonlarning suhbatlarida ular bu mashhurlikka ko‘plab qiyinchiliklar orqali yetib kelganliklarini aytishadi. Men mashhur inson emasman, ammo shu yergacha bo‘lgan masofani bosib o‘tish men uchun ham oson bo‘lmagan. Jahon tillari universitetiga kirish, unda o‘qish juda qiyin kechgan. Ota-onam ajrashib ketganidan so‘ng kontrakt pulini o‘zim to‘lashimga to‘g‘ri kelgan. “Besh”ga o‘qishim kerak, shunda ko‘proq stipendiya olib, kontraktning ko‘proq qismini to‘layman, degan o‘y bilan o‘qiganman. O‘sha vaqtlarda “Toshkent” telekanalida Prezident stipendiyasi, Navoiy stipendiyasi va boshqa nufuzli stipendiya g‘olibi bo‘lganlar bilan intervyular berilardi. Bu stipendiyani olaman deb kirishganimda “Yo‘l bo‘lsin. Uni olish senga emas” deganlar bo‘lgandi. Ammo uchinchi kurs boshida aynan Navoiy stipendiyasi g‘olibi bo‘lganman. Aslida ushbu stipendiya to‘rtinchi kurs talabalariga beriladi. Men esa istisno tarzda uchinchi kursligimdayoq stipendiat bo‘lishga erishganman. Orqamdan “Uni orqasida odami bor, yo‘qsa qanaqa qilib olardi?” degan ta'nalarni eshitganman. Aslida esa viloyatdan chiqqan oddiy oilaning farzandi bo‘lganman.
Bularning barchasi meni faqatgina olg‘a intilishga chorlagan.
Davlat Asadov suhbatlashdi