Uch bokschi medalga yaqin, Assakalov va Jo‘rayev ham bahslarga qo‘shiladi

Sport 00:08 / 03.08.2021 39037

3 avgust kuni Yozgi Olimpiadaning o‘n birinchi kungi bahslari o‘tkaziladi. Bugungi bahslarda yana 6 nafar o‘zbekistonlik sportchi 4 sport turi bo‘yicha bahslarda ishtirok etadi.

Yunon-rum kurashi jamoasining so‘nggi vakili Rustam Assakalov ishtirokini o‘tkazadi va jamoa uchun medal olib kelishga harakat qiladi. Bungacha yunon-rum kurash jamoasi vakillari Elmurat Tasmuradov (-60 kg), Mo‘minjon Abdullayev (-130 kg) va Jalg‘asbay Berdimuratov (-77 kg) muvaffaqiyatsizlikka uchragandi. Tasmuradov va Berdimuratov ilk bosqichdayoq, Abdullayev esa chorakfinalda kurashni to‘xtatgan, ularning raqiblari finalga chiqa olmagan va bronza uchun kurashish imkoniyati bo‘lmagandi.

O‘zbekiston boks jamoasining uch vakili chorakfinalda ishtirokini davom ettiradi. Shahobidin Zoirov (-52 kg), Elnur Abduraimov (-63 kg) va Rayhona Qodirova (-60 kg) bu bosqichdan ham o‘tishsa, Olimpiadada kamida bronza medalni naqd qilishadi. Bungacha o‘zbekistonlik bokschilardan faqat Bahodir Jalolov (+91 kg) yarimfinalga chiqqan, u final uchun jangni 4 avgust kuni o‘tkazadi.

Shuningdek, og‘ir atletika jamoasining ham so‘nggi vakili o‘z omadini sinab ko‘radi, -109 kg vazn toifasi vakili Akbar Jo‘rayev tosh ko‘tarish bahslarida ishtirok etadi. Bungacha Adhamjon Ergashev (-67 kg), Muattar Nabiyeva (-55 kg) va Kumushxon Fayzullayeva (-76 kg) o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazgan, Ergashev oltinchi o‘rin (139+173 kg), Nabiyeva to‘rtinchi o‘rin va Olimpiada rekordi (98+114), Fayzullayeva oltinchi (101+126) o‘rinni egalladi.

5:00. Yengil atletika. Uch hatlab sakrash. Ruslan Qurbonov;

7:15. Boks. -52 kg. Shahobidin Zoirov chorakfinalda fillippinlik Karlo Paalamga qarshi;

8:05. Boks. -63 kg. Elnur Abduraimov chorakfinalda  armanistonlik Ovgannes Bachkovga qarshi;

8:30. Yunon-rum kurashi. -87 kg. Rustam Assakalov nimchorakfinalda gruziyalik amaldagi jahon chempioni Lasha Gobadzega qarshi;

13:00. Boks. -60 kg. Rayhona Qodirova chorakfinalda braziliyalik Beatris Ferreyraga qarshi;

16:00. Og‘ir atletika. -109 kg. Akbar Jo‘rayev.

Olimpiya o‘yinlarida 2 avgust kuni ikki nafar o‘zbekistonlik sportchi o‘z ishtirokini o‘tkazdi. 

Bosqon uloqtirish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi vakili Suhrob Xo‘jayev saralash bahslarida ishtirok etdi. A guruhida ishtirok etgan sportchi 71,26 metr natija qayd etib, so‘nggi (15) o‘rinda qolib ketdi. Qayd etish kerak, Xo‘jayev bu borada Olimpiya o‘yinlaridagi shaxsiy natijasini yaxshilab oldi. U avval London-2012 va Rio-2016 Olimpiadalarida ham qatnashib, 65,88 va 70,11 metr natija ko‘rsatgandi.

Yunon-rum kurashi bo‘yicha Jalg‘asbay Berdimuratov (-77 kg) armanistonlik Karapet Chalyanga qarshi bahs olib bordi. Unda Armaniston vakili 5:0 hisobida g‘alaba qozondi. Keyinchalik Chalyan finalga qadar yetib bora olmadi va Berdimuratov bronza medali uchun kurashda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘lmadi.

Ayni vaqtda O‘zbekiston delegatsiyasi bir oltin va bir bronza medal bilan umumiy reytingning 47-pog‘onasidan joy olib turibdi.

Ko‘proq yangiliklar: