Osiyo kubogi U23. O‘zbekiston olimpiya jamoasi Saudiya Arabistonini mag‘lub etib, yarimfinalga chiqdi

Sport 21:17 / 26.04.2024 20854

Dohadagi «Xalifa» stadionida o‘tgan bahsda Temur Kapadze murabbiyligidagi jamoamiz 45+2-daqiqada Husayn Norchayevning goli evaziga hisobni ochib, tanaffusga g‘olib sifatida chiqib ketdi - 1:0.

Ikkinchi bo‘limda ham maydonda raqibdan ustunligini ko‘rsatgan olimpiyachilarimiz 85-daqiqada zaxiradan maydonga tushgan Umarali Rahmonaliyevning goli evaziga hisobdagi farqni ikkitaga oshirib, yakunda ishonchli g‘alabaga erishishdi – 2:0.

Shu tariqa, O‘zbekiston olimpiya jamoasi yarimfinalga yo‘llanma olib, eng kamida Parij Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun pley-off bahsida maydonga tushishini kafolatladi. Olimpiyachilarimiz final yo‘llanmasi uchun bahsda 29 aprel kuni Indoneziyaga qarshi maydonga tushadi.

Ma’lumot uchun, Parij-2024 Olimpiadasiga Osiyo uchun 3,5ta o‘rin ajratilgan. Finalchilar va 3-o‘rin sohibi Parijga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanmaga ega chiqsa, 4-o‘rin sohibi Afrika qit’asining Gvineya olimpiya jamoasiga qarshi pley-offda to‘p surib, Olimpiadaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Osiyo kubogi U23. Yarimfinal
26 aprel (juma)
O‘zbekiston U23 – Saudiya Arabistoni U23 – 2:0

Bosh hakam: Ahmad Faysal Muhammad (Iordaniya)
VAR: Sivakorn Pu Udom (Tailand)

Gollar: Husayn Norchayev 45+2, Umarali Rahmonaliyev 85.

O‘zbekiston U23: 1.Abduvohid Ne’matov, 4. Abduqodir Husanov, 5. Muhammadqodir Hamraliyev, 6. Ibrohimxalil Yo‘ldoshev, 10. Jasur Jaloliddinov, 14. Abbosbek Fayzullayev, 17. Diyor Xolmatov (15. Umarali Rahmonaliyev, 80), 18. Alibek Davronov, 19. Husayn Norchayev (22. Alisher Odilov, 80), 20. Ruslanbek Jiyanov, 23. Abdurauf Bo‘riyev.

Saudiya Arabistoni U23: 2. Muhammad Vohib Alshamat, 4. Rayan Muhammad Hamid, 6. Eid Almuvallad, 8. Faysal Al G‘amdi, 9. Abdulloh Radif, 11. Ahmad Al Gamdi, 12. Zakaria Havsavi, 17. Xaytam Muhammad Asiri, 19. Meshal Ibyani Hayrulloh, 22. Muhammad Salim Alabsi, 23. Ayman Yahyo.

Chetlatish: Ayman Yahyo, 70 (S.)

Ko‘proq yangiliklar: