Farg‘ona viloyati, Toshloq tumani, Ucholish qishlog‘i dalalarida yetishtirilayotgan tarvuzlarning mazasi boshqacha. Yosh dehqon Abdulaziz Latipovning paykalida tarvuzlar ayni pishgan payt. Uzilgan poliz mahsulotlari mashinaga ortilayotgan ekan.
Abdulaziz bir necha yillardan buyon tarvuz ekib keladi. Tarvuz ekish sir-asrorlarini o‘zlashtirayotgan yosh dehqonlardan.
«Tarvuz ekishni bolalikdan orzu qilganman»
«Yoshligimizda uyimiz yonginasida bozor bo‘lardi. Otam bilan birga chiqib tarvuz tanlar edik. O‘shanda «ulg‘aysam tarvuz yetishtiraman», deb niyat qilgan edim. Niyatimga yetib dehqon bo‘lib ketdik.
5-6 yildan buyon shug‘ullanib kelayotganimiz tarvuz ekish jarayoni haqida gapiradigan bo‘lsam, biz uni boshqalar kabi urug‘idan ekmaganmiz. Alohida joyga urug‘ qadab, ko‘chat undirib, so‘ng bu yerga o‘tqazganmiz. Albatta, yerga ishlov berish kerak, texnika ishlatasiz. Tarvuz parvarishining o‘ziga yarasha qiyinchilik tomonlari va sarf-xarajati bor.
Tarvuzlar pishib uzayotgan vaqtingizda qilgan mashaqqatlaringiz bir zumda chiqib ketadi. Uzgani kelib, g‘arq pishgan tarvuzlardan quvongan odamlarni ko‘rib boshqacha quvvat olasiz. Buni ta'riflash qiyin.
Tarvuzni mart oyi oxirida plyonka ostiga ekkanmiz. Tarvuzlarni qancha vaqtli yerga qadasangiz shuncha tez hosilga kiradi.
Biz ekkan tarvuz navi «soyuz» deb nomlanadi. Tarvuzning «astraxon», «anton» navlari tobora yo‘qolib ketyapti. Agar yerimiz ko‘p bo‘lganida har xil tarvuz navlarini ko‘paytirib, xilma-xillikni oshirib borar edik. Yer qancha ko‘p bo‘lsa mehnat qilishga ishtiyoq va g‘ayratimiz ham ortadi.
Tarvuzlar odatda erta tongda uziladi. Sababi tarvuzlar tundan tonggacha ancha soviydi. Meva kun-chiqar chiqmas uzilsa, tabiiylik holatini o‘zida saqlab qoladi.
Tarvuz tanlashda nimalarga e'tibor berish kerak?
Har kim tarvuzni har xil tanlaydi. Kimdir qo‘lida siqib ko‘radi, kimdir chertib ko‘radi, yana kimlardir esa og‘ir-yengilligiga qaraydi.
Pishgan va mazali tarvuz qanday tanlanadi deganda, bir narsaga e'tibor qaratish kerak. Tarvuzning to‘ni yoyilgan bo‘lsa mazali tarvuz deyavering. To‘ni silliqlashib yoyilgan tarvuz olish kerak.
Tarvuz tanlashda yana bir holatga e'tibor berish kerak. Bandi prujinaga o‘xshab cho‘zilgan tarvuz o‘ta mazali chiqadi.
«4 gektar yerda 7 kishi tarvuz parvarishi bilan band»
1 gektar yerdan o‘rtacha 70 tonna tarvuz yig‘ib olamiz. Qilayotgan ishingizga mehr bersangiz — mo‘l hosil olasiz.
1 gektar yerga 7,5–8 ming dona ko‘chat ekamiz. Umumiy hisobda 1 gektar yerda parvarish qilingan tarvuzdan 70–80 million so‘m daromad qilamiz. Bular o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi, albatta. Barchasi mashaqqatli mehnat ortidan bo‘ladi.
4 gektar yerda hozir 7 kishi tarvuz parvarishi bilan band. Uzish paytida hasharchilar chaqiramiz. Yozni oilamiz bilan tarvuz paykalida o‘tkazyapmiz.
Dalada energiya oladigan vaqt bo‘ladi. Tong saharda tarvuzga sham tushgan paytda uni uzib yesang — barcha mashaqqatlaring chiqib ketadi. Xaridor dalaga kelib g‘arq pishgan tarvuzlarni ko‘rib sevinsa, unga qo‘shilib dehqon bir qop semiradi. Bozorga tarvuzlarni olib borsang, xaridorlar tarvuzing atrofini o‘rab olsa, bu ham dehqon uchun ulkan baxt», — deydi yosh dehqon Abdulaziz Latipov.
Sarvar Ziyayev, Kun.uz muxbiri