Fanlar akademiyasi Tarix instituti ilmiy xodimi, tarixshunos olima, professor Dono Hamidovna Ziyoyeva vafot etdi. Bu haqda Fanlar akademiyasi xabar berdi.
D.Ziyoyeva ilmiy faoliyatini 1983 yil Tarix institutida kichik ilmiy xodimlikdan boshlab, institutning ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari (2000-2005), "XIX-XX asr tarixi" bo‘limi mudiri (1998 yildan hozirgacha) kabi mas'uliyatli lavozimlarda xizmat qilib kelgan.
Olima 1990 yil "Turkistonda XIX-XX asr boshidagi milliy ozodlik harakati tarixshunosligi" mavzusida nomzodlik, 1999 yil "1917-1924 yillarda Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlari XX asr tarixshunosligida" mavzularida doktorlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan.
Olima rahbarligida "O‘zbekiston tarixi"ning V jildi, "O‘zbekiston tarixi xrestomatiyasi"ning IV jildi va boshqa qator to‘plamlar nashr etilgan.