Samarqandda gaz hisoblagich o‘rnatilayotganda o‘t chiqib, uch uy yondi. Zararni kim qoplab beradi?

Jamiyat 15:46 / 02.08.2021 35176

Jabrlanganlar «Hududgaz Samarqand» MChJ odamlar holidan xabar olmayotgani, uyni tiklashda yordam bermayotganidan yozg‘irishdi. Lekin bu tashkilotning voqeaga aloqasi yo‘q. Chunki gaz quvurini kesib, hisoblagich o‘rnatishni ular bilan shartnoma tuzgan xususiy firma xodimlari amalga oshirgan. Xususiy firma esa xonadonlarga yetkazilgan zararni qoplab berish imkoniyatiga ega emas. Chunki yetkazilgan zarar milliard so‘m atrofida.

Samarqanddagi «Kulollar» mahallasi, G‘ayrat ko‘chasi 3-uyda istiqomat qiluvchi 72 yoshli Saida Sattorovaning aytib berishicha, voqea shu yil 9 iyul kuni yuz bergan.

«Maroqandgazschyotchikservis» MChJ xodimlari xonadonga ASKUG aqlli gaz hisoblagichi o‘rnatish asnosida ichida gaz bo‘lgan quvurni «bolgarka» yordamida kesishgan. Trubadan sizib chiqqan gaz chaqinga to‘qnashib, o‘t chiqqan va olov tomga o‘rlab, qisqa vaqt ichida butun uyning katta qismi kulga aylangan.

Saida Sattorova marhum turmush o‘rtog‘i bilan 50 yildan buyon yig‘ib terib qurgan uyi vayronaga aylanganini aytib o‘tdi.

Uning hikoya qilishicha, bu uylarni rahmatli eri xom g‘isht quyib, o‘zi ko‘targan, ko‘p yillardan beri bolalari va nabiralari bilan yashab kelayotgan edi. O‘t o‘chiruvchilar suv sepishganda uyning devorlari ham ivib, mustahkamligini yo‘qotgan.

Oila ro‘zg‘or tebratadigan chog‘roq do‘kondagi 150 million so‘mlik mahsulotlar, muzlatkich, sovitgich kabi turli jihozlar ham yaroqsiz holga kelgan.

Mash'um voqeaning afsuslanarli jihati — Samarqandning bu eski shahar qismida uylar bir-biriga ulab qurilgan. Avval ko‘cha tomondagi do‘kon yongan. So‘ngra olov tom orqali aylanib turar joylarga o‘tgan. Yana ikki qo‘shnining uyiga ham ulangan. Qo‘shni uylardan biri butkul vayron bo‘lgan, ikkinchisiga ham anchagina ziyon yetgan.

Eski shaharning tor ko‘chalardan amallab yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilarning mehnatigina butun mahallani yonib ketishdan saqlab qolgan.

Ayni paytda bu oila o‘z uyi qarshisidagi 3-maktabda yashab turibdi. Tunda direktor qabulxonasidagi gilamda yotishadi. Kunduzi esa maktab bog‘idagi so‘rida ovqatlanishadi. Ovqat ham shu yerda tayyorlanadi.

Onaxon o‘zlari istiqomat qilib kelayotgan uyga hamda do‘konda yongan mahsulotlarga yetkazilgan zarar tezroq qoplab berilishini istamoqda. U shu maqsadda ichki ishlar organi va prokuraturaga murojaat qilgan.

Firma egasi onaxonni tinchlantirish uchun zararni qoplash haqida tilxat yozib bergan. Ammo oradan haftalar o‘tgan bo‘lsa-da, ishda sezilarli siljish yo‘q, ish sudlashishgacha borib yetishi mumkin.

Biz mazkur voqea yuzasidan 2008 yilda tashkil etilgan va bu sohada ancha tajriba to‘plagan «Maroqandgazschyotchikservis» MChJ boshlig‘i Shahobiddin Shirinov bilan telefon orqali suhbatlashdik.

U suhbat asnosida zararlar qoplanishi masalasi ko‘rilayotganini aytdi-yu, ammo tashkilotda bor-yo‘g‘i 10 kishi ishlashi, yong‘in uchun faqat ular javobgar emasligi, buncha zararni qoplab bera olmasligini ham ta'kidladi.

Masala yuzasidan izoh bergan «Hududgaz Samarqand» MChJ matbuot xizmati boshlig‘i Baxtigul Qarshiyeva tashkilot rahbarlari voqeadan xabardorligi, aholi va hisoblagich o‘rnatuvchi firma o‘rtasida zararni qoplab berish borasida kelishuvga erishilganini aytib o‘tdi.

«Hududgaz Samarqand» MChJ boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Avazov tizimda xodimlari yetishmasligi tufayli xonadonlarga aqlli gaz hisoblagichlar o‘rnatishda tender orqali xususiy firmalarning ham xizmatidan shartnoma asosida foydalanilishini bildirdi.

Xo‘p, tender o‘tkazilar ekan, lekin uni yutib olgan tomon bilan tuzilgan shartnomada tomonlarning majburiyatlari belgilangan bo‘ladi. Shartnomadan ko‘rinmoqdaki, hisoblagich o‘rnatish ishlarida xavfsizlik texnikasiga amal qilish montaj ishlarini amalga oshiruvchi bajaruvchining zimmasida.

Demak, Samarqand shahrida ro‘y bergan ushbu hodisadan shunday xulosaga kelish mumkin:

«Hududgaz» xodimlari hukumat qarorida belgilangan muddat — shu yilning 1 dekabrigacha ASKUG hisoblagichlarni o‘rnatishga ulgurishmaydi. Shu sababli ASKUG hisoblagichni o‘rnatish bilan xususiy firmalar ham shug‘ullanmoqda. Lekin kattaroq zarar yetadigan bo‘lsa, xususiy tashkilot javob bera olmaydi, chunki moliyaviy imkoniyatlari ko‘tarmaydi.

«Hududgaz» filiali esa sizga yetkazilgan zararni qoplab bermaydi, chunki formal jihatdan bo‘lib o‘tgan ishlarga aloqasi yo‘q.

Endi haqli savol tug‘iladi: «Hududgaz» formasida bo‘lmagan, qo‘lida filial ishchisi ekanini tasdiqlovchi hujjat bo‘lmagan insonga odamlar o‘z uyida hisoblagichni almashtirishni ishonishi mumkinmi?

To‘g‘ri, bunaqa holatlar har kuni ro‘y berayotgani yo‘q. Lekin bunaqasi kelgusida yuz bermasligi uchun xavfsizlik qoidalari qat'iy nazoratga olinishi, javobgarlik kuchaytirilishi kerak emasmi? Bu mas'uliyatli ish biror kor-hol ro‘y bersa, zararni to‘liq qoplab berish qudratiga ega bo‘lgan korxonalargagina ishonib topshirilishi kerakmasmi?

Saida ona esa bunday formalliklardan bexabar. Onaxon unga yetgan musibat yaxshilik bilan yakun topishidan, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanishi, uyi tiklab berilishi va bu mash'um kunlar unut bo‘lishidan umidvor. Faqat shuni duo qilib so‘ramoqda.

Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.

Ko‘proq yangiliklar: