«Tizimni yoshlar o‘zgartira oladi» – tibbiyotni rivojlantirishni orzu qiladigan aka-singil kimyogarlar bilan suhbat

Jamiyat 09:00 / 01.08.2021 11121

Oldinroq kimyogar aka-singil Boltayevlarning kimyo fanida erishgan yutuqlari haqida maqola e'lon qilgandik. Ularning aytadiganlarni shunchalik ko‘p ediki, bu haqda yana bir ko‘rsatuv qilishga qaror qildik. Bu galgi ko‘rsatuvda aka-singil o‘qituvchilarning iqtidorli yoshlarni bir joyga yig‘ish, ta'lim tizimini o‘zgartira oladigan islohotlar va oliy maqsadlari haqida bilib olasiz.

Prezident ta'lim muassasalari agentligi qoshidagi Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida uch aka-singil o‘qituvchilar kimyo fanidan dars beradi.

Behzod Boltayev Toshkent tibbiyot akademiyasi umumiy jarrohlik yo‘nalishining magistraturasida o‘qiydi. Kimyo fanidan Mendeleyev xalqaro olimpiadasida 2 ta kumush, jahon olimpiadasida 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan. «Shuhrat» medali, «Mard o‘g‘lon» mukofoti va «Xalq ta'limi a'lochisi» ko‘krak nishoni sohibi.

Bobur Boltayev Toshkent pediatriya tibbiyot institutini tamomlagan. Mendeleyev olimpiadasida bronza, jahon olimpiadasida 2 marta bronza medal olgan. «O‘zbekiston belgisi» ko‘krak nishoni sohibi.

Mohira Boltayeva Toshkent pediatriya tibbiyot instituti 3-bosqich talabasi. Mendeleyev olimpiadasida bronza va jahon olimpiadasida kumush medal olgan. «Zulfiya» mukofoti sohibi. Aka-singillar 2019 yildan buyon Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internatida pedagog-tarbiyachi bo‘lib ishlab kelmoqda.

«Maktabda mini olimpiadalar o‘tkazamiz»

Behzod Boltayevning aytishicha, ular tashkil qilgan o‘qitish tizimi tajribalar asosida qorishib, mukammal ko‘rinishga kelgan. Ular foydalanadigan o‘quv adabiyotlari ingliz va rus tilidagi eng oxirgi ma'lumotlarni saqlaydigan adabiyotlar hisoblanadi.

Behzod Boltayev

«Har oyda mini olimpiadalar o‘tkazamiz. Bunda respublika bo‘ylab kim xohlasa, qatnashishi mumkin. Telegram-kanalda olimpiada haqida e'lon qilamiz, javoblarni elektron tashlaganlarni ham tekshirib, baholarini qo‘yib, kuzatib boramiz. Bunda topshiriqlarning yechilishi va javoblari inobatga olinadi, imloviy xatolar muhim emas. Lekin haligacha xalq ta'limi nizomlarida imloviy xatolar hisobga olinyapti. Bizda o‘quvchi aynan bajargan ishiga baholanadi. Berilgan materialni 50 foiz o‘zlashtirgan o‘quvchiga natija beradigan o‘quvchi deb qaraymiz. Hech kim oldindan 100 foiz natija beravermaydi. Sekin-sekin uni ko‘tarib boraveradi. Chunki bu bolalar qolipga tushib qolgan tizimda o‘qishgan. Ayniqsa, chet el mualliflari masalalarida bu seziladi», deydi u.

«Iqtidorli bolalar faqat ixtisoslashtirilgan maktablarda bo‘lmaydi»

Bobur Boltayev iqtidorli bolalarni bir joyga yig‘adigan tizim bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Uning fikricha, iqtidorli bolalar faqat ixtisoslashtirilgan maktablarda emas, oddiy maktablarda ham bo‘ladi.

Bobur Boltayev

«O‘sha iqtidorlarni ham qayergadir yig‘adigan tizim bo‘lishi kerak. Buning uchun bir emas, bir necha ishlaydigan odamlar bo‘lishi kerak. Masalan, bizdagi tizim vodiyda, Navoiyda ham bo‘lsa, iqtidorlarni saralash oson bo‘ladi. Shunda ular bizni qidirib kelmay o‘z hududlarida yig‘iladi. Bu esa ichki raqobatni oshiradi», deydi Bobur.

U hozir bakalavrni tugatib, Rossiyada kardiojarrohlik bo‘yicha ordinatura va aspiranturani o‘qib kelmoqchi.

«Rejamdagi sohalarni o‘sha yerda o‘rganib, bu yoqda kardiojarrohlik bo‘yicha kimyoga o‘xshab maktab yaratishni niyat qilganman. Bizda kardiojarrohlik xizmati juda kam, chunki bu sohada ishlaydigan odam kam. Agar shunaqa odamlar ko‘p bo‘lsa, har bir viloyatda shunaqa yaxshi mutaxassis bo‘lsa, o‘sha yerdagi insonlarga ham oson bo‘ladi. Ular uzoqqa borib sarson bo‘lib yurmaydi», deydi Bobur.

«Bizda yoshlarni olimpiadaga jalb qilish uchun resurs yetishmaydi»

«O‘zi xalqaro olimpiadalar mukammal ishlab boshlaganiga 20-30 yil bo‘lgan bo‘lsa, shu yillarda nafaqat xalqaro olimpiadalar, balki kuchli milliy olimpiadalar ham rivojlandi. Ayniqsa, Xitoy, Singapur, Koreya, Rossiya yoki AQShning milliy olimpiadalaridagi raqobat, ba'zan jahon olimpiadalaridagidan ham kuchayib ketadi. Bizda ham minglab yoshlar bor. Lekin hammasi ham shu jarayonga jalb qilinmagan. Jalb qilish uchun resurs yetishmaydi. Ularda bunday resurslar bor. Bu ularning baxti. Shu resurslar bilan hamma yoshlarni jalb qiladi. Bunda bolalar olovda yongandek bo‘ladi, 0,1 ball farq bilan yo‘llanma olib keyin jahon olimpiadasiga keladi. O‘tgan yili AQShdan 4 nafar o‘quvchi kelib, barchasi oltin medal olib ketdi. Bu o‘sha raqobatning mevasi», deydi Behzod Boltayev.

«Oliy ta'lim tayyorlaydigan kadrni iste'mol qilayotgan tashkilotlar jonlanishi kerak»

«Hozir umumiy jarrohlik yo‘nalishida magistraturada o‘qiyapman. Jarrohlikni keyinchalik yanada chuqurroq davom ettirish niyatim bor. Bu katta ehtimol bilan transplantologiya bilan bog‘liq bo‘ladi. Biz hozir kichkina bo‘lsa ham maktab yaratganmiz, 4 kishi bu ishni davom ettiryapmiz. Boshqalar ham yordam beryapti, ularning yordamisiz bu ishni eplay olmasdik. Niyatim shu maktabni yana kattaroq bosqichga olib chiqish. Masalan, oliy ta'limdagi muammolar xalq ta'liminikidan ham ko‘p. Bu bitta insonning aybi emas. Bu bilan biz Oliy ta'lim vazirligi yoki institutlarni ayblamoqchi emasmiz. Bu hammaning muammosi aslida. Oliy ta'limdagi muammoni yechish uchun, menimcha, oliy ta'lim tayyorlaydigan kadrni iste'mol qilayotgan tashkilotlar jonlanishi kerak. Ya'ni tibbiy ta'lim yaxshilanishi uchun tibbiy kadrlarni ishga olayotgan tashkilotlar uyg‘onishi kerak», deydi Behzod.

«Tibbiyotga oid ko‘pchilik chet el kitoblari Google’da tarjima qilingandek»

Mohira Boltayeva bugungi tibbiy ta'lim muassasalarida foydalanilayotgan darsliklar haqida o‘z fikrlarini bildirdi. Uning aytishicha, talabalar nazariyani darslikdan o‘rganishadi. Nazariya bo‘lmasa, amaliyotda ham kasallikni aniqlash qiyin.

Mohira Boltayeva

«Kasallikni bilish uchun me'yorni bilish kerak. Me'yorni bilish uchun o‘qish kerak. Me'yorni bilgandan keyin patologiyani ham o‘rganish kerak. Kasalni ko‘rgandan keyin qayeri og‘riyotgani sababini aniqlash kerak. Nazariyani o‘qituvchi o‘rgatishi kerak. Yoki kitob topib o‘qish mumkin, lekin bizda kitoblar boshqa tilda. Asosan rus va ingliz tilida. Ko‘pchilik tilni bilmaydi, o‘zbekcha kitoblarda esa ma'lumot kam, tushunarsiz.

O‘zi ko‘pchilik o‘zbekcha kitoblar boshqa kitobdan olingan. Muallif buni tarjima ham demaydi, o‘zi yozgan deb chop ettiradi. Lekin o‘sha ham to‘g‘ri ko‘chirilmagan bo‘ladi. Tarjima ham xato qilingan. Bilmadim, ular Google tarjimonda o‘girilgandek. Ko‘pincha talabalar qilib beradi. Talaba Google tarjimonda o‘girib olib boradi, o‘qituvchi nashriyotga beradi. «Kitob» shunday chiqib ketadi», deydi u.

«Tizimni yoshlar o‘zgartira oladi»

«Yaxshi ustoz bo‘lib, oldimizga yoshlarni olib oliy ta'limdagi jarayonni ham jonlantirmoqchimiz. Buni faqat biz emas, hamma yoshlar xohlayapti. Chunki ular o‘z sohasidagi muammoni biladi. Bu faqat yoshlarning qo‘lidan keladi, deb o‘ylayman. Jamiyatdagi vakolatli organda o‘tiradigan insonlarni 40-60 yoshgacha oraliqda deb olsak, tizimni o‘zgartirish ularning qo‘lidan kelmaydi, menimcha. Bu hurmatsizlik ma'nosida emas, shunchaki agar ularning qo‘lidan kelganda, o‘zgartirgan bo‘lishardi. Bizda hozir rahbarlik degan kasb paydo bo‘lgan. Ko‘pchilik shunchaki rahbar bo‘lishni orzu qiladi», deydi Behzod.

«Adolatni qiyinchilik ko‘rgan insonlar o‘rnatyapti»

«Islohotlarning bitta samarasi olimpiadalarda ko‘rinyapti. Saralashda katta janjal bo‘ladi, lekin baribir adolat o‘rnatilyapti. Adolatni qiyinchilik ko‘rgan insonlar o‘rnatyapti. Ular o‘zi ko‘rgan qiyinchilikni shogirdlari ko‘rishini istamaydi. Xudoga shukur, bunaqa auditoriya bor va u o‘sishi kerak. Biz ham shu katta oqimning bir qismi bo‘lish niyatidamiz. Tibbiy ta'limni, tibbiyotni yaxshilash oliy maqsadlardan biriga aylandi», deydi Behzod.

«Iqtisodiy qiyinchilik keyin irodani ham sindiradi»

«Insonning qo‘lini bog‘lab qo‘yadigan narsa iqtisodiy yetishmovchilik. Buni to‘g‘ri tushunish kerak. Ilmli bo‘lsa-yu jamiyatning quyi qatlamida qolib ketgan bo‘lsa, iqtisodiy qiynalgan bo‘ladi. Va iqtisodiy qiyinchilik keyin irodani ham sindiradi. Iqtisodiy muammoni vaziyatdan kelib chiqib yechish uchun ham aqlimizni ishlatishimiz kerak. Faqat kasb egasi emas, jamiyatda faol inson bo‘lish kerak. Nega biz jamiyatning qolipiga qarab yashashimiz kerak?

Payti kelsa, zarur bo‘lganda insoniy omillarni buzmagan holda jamiyat qoliplaridan chiqish kerak bo‘ladi. Ya'ni 70 yoshli professorning fikrini xato deyishingiz jamiyatda qabul qilinmaydi. Lekin shuni aytish kerak bo‘lsa, aytish kerak. Biror muammo aytilganda buni rahbarga to‘nkashadi. Bu faqat rahbarning emas, hammaning aybi. Bu yerda mening ham, sizning ham qanchadir aybimiz bor, agar biz oppoq bo‘lganimizda, bu tizim yaxshi ishlardi. Biz o‘zimiz ko‘z yumib o‘tib ketamiz. Xudo nasib qilsa, men ham kattaroq shifokor bo‘laman, o‘shanda ko‘p narsa qo‘limda bo‘ladi va o‘sha yerda to‘g‘ri tanlov qila olsam, demak, jamiyatning bir qismini o‘zgartirgan bo‘laman. Hozir noto‘g‘ri tanlov qilganlar bizday yoshida qiynalmaganmikan? Qiynalgan, ular shu narsani o‘tkazgan, lekin afsus og‘zi oshga yetganda hammasini unutib qo‘yadi. Yoshligida adolat uchun kurashaman deb, o‘zi issiq joyga o‘tirgandan keyin biz boshimizdan o‘tkazdik, mana bu yog‘i yaxshi davrlar keldi, endi qolganlar qiynalsin, yengib o‘tsin deyish bu – kelajakka xiyonat bo‘ladi», deydi Behzod.

«Oylik maosh yaxshi yashash uchun kerak bo‘ladigan puldan kam»

«Maoshni ko‘tarishni hamma bilib turibdi. Lekin uni ko‘taradigan budjet yo‘q bizda. Bu aytilmaydi, lekin tushunamiz. Hammaning oyligini ko‘tarish kerak. Chunki ko‘pchilikning oyligi bugungi kunda yaxshi yashashi uchun kerak bo‘ladigan puldan kam. Shuning uchun hamma «chap» yo‘llarni izlaydi. Bunga barham berish uchun elastik tizimlar bo‘lishi kerak.

Men poliklinikada ishlaganimda soat 08:00 dan 02:00 gacha kasallarni qabul qilardik. Nizom bo‘yicha 3 soat kasallarni qabul qilib, 3 soat patronaj sifatida yurish kerak. Bizda 6 soat qabul qilinardi, keyin borib, patronaj qilasiz. Eng qizig‘i, uyiga borib ko‘rilishi kerak bo‘lgan kasal telefon qilsa, siz o‘z cho‘ntagingizdan xarajat qilasiz. Bizda moliyada har bir so‘m hisoblanadi-yu, bu masala esa esdan chiqib qoladi. Shundan keyin shifokor ham kasaldan 1-2 so‘m bersa olishga majbur bo‘ladi-da.

Shu uchun shifokorlar oyligini yaxshilash kerak. Endi davlat oylik-maoshni og‘rinmay berishi uchun ham, biz ularga ko‘p berib yuboryapmiz demasligi uchun ham shifokorlar saviyasini ham sal ko‘tarish kerak. Agar shifokorning saviyasi past bo‘lsa, antibakterial preparat bilan virusga qarshi preparatning farqiga bormasa, grippda ham antibakterial preparat bersa, 90 foiz shifokorlar shunaqa qiladi, keyin rahbarlarga ham yoqmaydi, nega biz bunga 1 000 dollar oylik berishimiz kerak, deydi. Shuning uchun shifokorlar oyligi bilan ularning saviyasini ham parallel ko‘tarish kerak», deydi Behzod.

Ko‘proq yangiliklar: