Qashqadaryo viloyatida boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi viloyat bo‘limi hisobidan 1 milliard so‘mdan oshiq mablag‘ tarqatiladi. Bu haqda Xalq deputatlari viloyat kengashi sessiyasida qaror qabul qilingan.
Viloyat hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati kengashining 30 iyul kuni o‘tkazgan navbatdagi sessiyasida qaror qabul qilingan. Qarorda belgilanishicha, viloyat hokimi va uning o‘rinbosarlari tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabullarda tushgan murojaatlarga asoslanib, viloyatda yashovchi 277 nafar boquvchisini yo‘qotgan, kam ta'minlangan va nogironligi bo‘lgan oilalarga «Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi viloyat bo‘limi hisobidan 1 milliard 158 million so‘m pul tarqatiladi.
Jumladan:
- 41 nafar davolanish va operatsiyaga muhtoj fuqaroga 257,5 million so‘m;
- 31 nafar yashash sharoiti og‘ir, uy-joyini ta'mirlashga muhtoj bo‘lgan fuqaroga 221,5 million so‘m;
- 31 nafar tadbirkorligini rivojlantirish va turmush sharoitini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqaroga 141,5 million so‘m;
- 20 nafar to‘lash imkoniyatiga ega bo‘lmagan ijtimoiy himoyaga muhtoj oilaga, farzandlarining ta'lim to‘lov kontrakt shartnomalariga ko‘maklashish uchun 165,3 million so‘m;
- 14 nafar imkoniyati cheklangan va nogironligi bo‘lgan shaxslarga 178 million so‘m beriladi.
Qayd etilishicha, qolgan mablag‘ ham viloyatdagi ehtiyojmand fuqarolarga tarqatiladi.