Jizzaxdagi «metan zapravka»da «Jiguli» yonib ketdi

Jamiyat 19:20 / 31.07.2021 1047

Jizzax viloyati Zafarobod tumanida joylashgan avtomobillarga siqilgan gaz quyish shoxobchasida gaz olayotgan «Jiguli» mashinasi yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 31 iyul kuni soat 13:10larda Jizzax viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Zafarobod tumanida joylashgan avtomobillar siqilgan gaz quyish shoxobchalarining birida yong‘in kelib chiqqani va gaz to‘ldirayotgan mashina yonayotgani haqida ma'lumot kelib tushgan.

Yong‘in sodir bo‘layotgan joyga darhol yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi yuborilgan. Qutqaruvchilar manzilga yetib borganida shoxobchada «Jiguli» mashinasi yonayotganligi ma'lum bo‘lgan. Ko‘rilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida shoxobcha faoliyati avariya holatida to‘xtatilib, u yerda bo‘lgan boshqa transport vositalari va odamlar zudlik bilan xavfsiz joyga ko‘chirilgan.

Qayd etilishicha, yong‘in qisqa muddatda bartaraf etilgan. Ammo ungacha mashinaning asosiy qismi yonib bo‘lgan. Mazkur hodisada hech kim jabrlanmagan va tan jarohatlari olmagan. Hozirda yong‘in sabablari va ko‘rilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: