Ish beruvchi emlanmagan xodimini ishdan bo‘shatish emas, ishdan chetlatishi mumkin - adliya vaziri

O‘zbekiston 20:57 / 31.07.2021 12027

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov majburiy emlashni nazarda tutuvchi qonun yuzasidan sharh berdi.

Qonun 31 iyul kuni Senat yalpi majlisida ma'qullandi. Majlisda qatnashgan Davletovning izohlashicha, epidemiya tarqalgan sharoitda davlat tavsiyasiga ko‘ra emlanmaslik fuqarolarga nisbatan javobgarlikni keltirib chiqarmaydi.

“Fuqaro vaksina olishni rad etsa, hech kim uni majburlab, tibbiyot muassasasiga olib bormaydi. Bunaqa narsa umuman ko‘zda tutilmayapti.

Agar fuqaro emlanishni rad etsa, buning huquqiy oqibatlari uchun o‘zi mas'ul bo‘ladi. Emlanmaslik nimalarga olib kelishi mumkin? Uning jamoat faoliyati, mehnat huquqlari cheklanishi mumkin. Agar yo‘q desa, demak, [ish beruvchining talabi bilan] ishga kela olmaydi”, – dedi u.

Vazirning aniqlik kiritishicha, emlanishni rad etish xodimni ishdan haydash uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri asos bo‘la olmaydi.

“Mehnat kodeksining 100-moddasiga asosan, ish beruvchi bunday holatda xodimini ishdan hayday olmaydi, ishdan chetlatadi. Ishdan chetlatish – umuman boshqa narsa.

Bugungi kunda ham ish beruvchi muayyan holatlarda xodimni ishdan chetlatishga haqli; bunga, masalan, xodim ishga mast bo‘lib kelishi, yoki tibbiy komissiya xulosasi asosida qandaydir muolajalarni olmagani asos bo‘lishi mumkin.

Mana shular qatoriga vaksina olish ham kiritilyapti. Ya'ni xodim emlanmagan bo‘lsa, ish beruvchi uni ishdan chetlatishga haqli bo‘ladi. Xodim ishdan chetlatilgan vaqt uchun unga oylik to‘lanmaydi, buni ham e'tiborga olish kerak”, – dedi Ruslanbek Davletov.

Adliya vazirligi rahbari majburiy emlanish va inson huquqlari masalasiga to‘xtaldi.

“Bir insonning huquqi boshlangan joyda ikkinchi insonning huquqi to‘xtashi kerak. Inson huquqlari deganda... masalan, soliq to‘lash ham – inson huquqlarini cheklash, chunki u siz topayotgan daromadingizni erkin tasarruf etish huquqingizni cheklaydi, lekin qonunda belgilangani uchun soliq to‘lashga hamma majbur.

Yuqori standartda ishlaydigan xalqaro sud instansiyalari ham bu masalaga nuqta qo‘yib bergan: majburiy emlash qonuniy, jamoaviy huquq va manfaatlar har doim individual huquqdan ustun turadi. Bu yerda jamoat xavfsizligi to‘g‘risida gap ketyapti”, – dedi Davletov.

Ko‘proq yangiliklar: