“2021 yil 13 iyulda “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi. Mazkur farmon bilan serg‘ayrat, tashabbuskor mamlakatimiz yoshlari uchun ko‘plab imtiyozlar berilishi bilan birgalikda ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hukumat oldiga bir qator vazifalar belgilab berildi.
Jumladan, Vazirlar Mahkamasining joriy yil 28 iyundagi “2021–2023 yillarda yoshlar uylarini qurishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 394-sonli qarori bilan yoshlarni uy-joy bilan ta'minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi. Unga asosan yoshlar uylarini qurishning maqsadli parametrlariga ko‘ra, 2021–2023 yillarda jami 7300dan ortiq xonadon qurish rejalashtirildi. 2021 yilning o‘zida shaharlarda 296ta, qishloq joylarda 103ta xonadon qurish belgilangan”, deya Behzod Musayevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Hukumat vakilining Senatdagi ma'ruzasida tilga olingan Vazirlar Mahkamasining 394-sonli qarori ochiq ma'lumotlar bazasidan topilmadi. Lex.uz’da 2021 yilning 28 iyunida faqatgina bitta hujjat qabul qilingani haqidagi ma'lumotni uchratish mumkin, xolos.
Avvalroq 2018–2020 yillar yosh oilalar uchun qurilishi kerak bo‘lgan 2116ta uyning atigi 350tasi foydalanishga topshirilgani, 296tasi yoshlar tomonidan rad etilgani, 556tasining qurilishi belgilangan vaqtda boshlanmagani ma'lum qilingandi.
Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 27 avgustdagi 521-son qarori 1-ilovasida keltirilishicha, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi tomonidan uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan yosh oila sifatida hisobga qo‘yilgan va tavsiyanoma berilgan yosh oilalar uchun 2019 yilda 558ta uy qurilgani, 2020 yilda esa 356ta uy qurilishi belgilangani keltirilgan. Biroq ushbu vazifa necha foizga bajarilgani, uylarning qanchasi foydalanishga topshirilgani haqida ma'lumot yo‘q.
2017 yil 23 sentyabrda qabul qilingan «Mamlakat ijtimoiy hayotida faol ishtirok etayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashda qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 753-sonli qarorida yosh oilalar uchun 2018–2021 yillarda respublika bo‘ylab jami 8596ta (har yili 2149tadan) xonadon qurilishi belgilangan.
2021 yil 13 iyulda qabul qilingan prezident farmonida qayd etilishicha, yosh oilalarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish maqsadida ipoteka dasturi doirasida boshlang‘ich badal va foiz to‘lovlari bo‘yicha qo‘shimcha 2 mingta yosh oilaga uy-joy sotib olishi uchun subsidiya ajratiladi.