“Yarim yillikda O‘zbekistondagi 4,5 mingdan oshiq mahallada jinoyat sodir etilmagan” – Po‘lat Bobojonov

Jamiyat 17:10 / 30.07.2021 4922

“Mahallalarda jinoyat oqibatlari bilan kurashish emas, balki, barvaqt oldini olishga o‘tildi. Buning uchun, har bir mahallaga bir nafardan profilaktika inspektori ajratilib, ularning soni 9 784 nafargacha (ilgari 5 867 nafar bo‘lgan) yetkazildi va o‘rtacha 3,5 ming aholiga (ilgari 5,5 ming aholi bo‘lgan) xizmat qilinishi ta'minlandi.

Profilaktika inspektori mahalla raisining huquq-tartibotni ta'minlash bo‘yicha o‘rinbosari etib belgilandi. Xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish va ularning xavfsizligini ta'minlash uchun 362 nafar ayollar masalalari bo‘yicha inspektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi, ilgari bu vazifani profilaktika inspektori bajargan.

Mahalladagi xavfsizlik holati har oyda aholi tomonidan, bu borada amalga oshirilgan ishlar natijalari esa Xalq deputatlari tuman-shahar kengashlari tomonidan baholab borilishi amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. 2017 yil 6 oyiga nisbatan jinoyatlar sodir etilmagan mahallalar soni 3 855tadan (2017 yilda respublikadagi mahallalar soni 9 015tani tashkil etgan) 4 559taga (ayni paytda O‘zbekistonda 9251ta mahalla bor) ko‘paygan”, deya Po‘lat Bobojonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Oliy Majlis Senatining bugun, 30 iyul kuni bo‘lib o‘tgan yalpi majlisida hisobot bergan ichki ishlar vaziriga ko‘ra, jinoyatchilik ko‘rsatkichi mamlakatimizdagi har 100 ming aholiga nisbatan 132tani tashkil etmoqda.

“Jinoyatchilik statistikasini yuritishda xalqaro hamjamiyat umume'tirof etilgan ijobiy tajribasidan kelib chiqib, 100 ming aholi soniga nisbatan hisoblanishi yo‘lga qo‘yildi. 2021 yil 6 oyida har 100 ming aholi soniga nisbatan 132ta jinoyat to‘g‘ri kelgan.

Kriminogen vaziyatni xolisona tahlil qilish, jinoyatlarni yashirmaslik maqsadida, xodimlar tashabbusi bilan aniqlanadigan jinoyatlar ijobiy natija sifatida baholash tizimiga o‘tildi. 2021 yil 6 oyida 8592ta jinoyat aniqlangan bo‘lib, bu 2017 yilning 6 oyi (15321ta)ga nisbatan qariyb ikki baravar ko‘pdir.

Tizimdagi barcha sohaviy xizmatlar qaytadan isloh etildi. Zamon talabidan kelib chiqib, xavfsiz turizmni ta'minlash, probatsiya, surishtiruv va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga ixtisoslashgan bo‘linmalar yangitdan joriy etildi.

Tor doiradagi soha mutaxassisligi bo‘yicha jinoyat ishlarini tergov qilish sifatini oshirish maqsadida, yo‘l-transport hodisalari, firibgarlik, kiberjinoyatchilikka ixtisoslashgan alohida bo‘linmalar tashkil etildi va o‘ziga xos jinoyatlarni tergov qilish metodikasi yaratildi”, deydi Po‘lat Bobojonov.

Vazirning aytishicha, jinoyatlarni fosh etish borasidagi har bir (7 ta) protsessual harakatlarni audio-videoqayd etish majburiyligi belgilanib, sohaga ilg‘or kriminalistik vositalar, masofadan turib so‘roq qilish hamda mobil tergov qilish platformalari joriy etilgan. Shuningdek, ichki ishlar organlariga keltirilayotgan fuqarolarning haq-huquqlarini ishonchli ta'minlash uchun jami 1 123ta alohida “So‘rovxonalar” tashkil etildi va barchasi videokameralarga uzluksiz yozib olinishi qat'iy belgilab qo‘yilgan.

Eslatib o‘tamiz, 29 iyul kuni OAVda Denovda profilaktika inspektorining yordamchilari kaltaklagan fuqaro vafot etgani, Qoraqalpog‘istonda esa profilaktika inspektori fuqaroni kaltaklab o‘ldirgani haqida xabarlar tarqaldi. Surxondaryodagi holat bo‘yicha ichki ishlar xodimlari JIB Denov tuman sudining 12 iyuldagi ajrimi bilan qamoqqa olingani, ularga nisbatan Jinoyat kodeksining 104- va 206-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lsa, Taxiatoshdagi voqea bo‘yicha IIB xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi va marhumning o‘limi sabablarini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan, tergovga qadar tekshiruv harakati shaxsan Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori nazoratiga olingan.

Ko‘proq yangiliklar: