Samarqand shahrida joylashgan, fuqarolarga kredit evaziga mashina olib berishni va'da qilib, pullarini o‘zlashtirgan «LR LAND ROVER» MChJ mas'ullariga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatida yashovchi fuqaro Samarqand viloyati hokimining messenjeriga ariza bilan murojaat qilgan. Uning murojaatida yozilishicha, 2020 yil may oyida Samarqand shahri Dahbet ko‘chasida joylashgan «LR LAND ROVER» MChJga kredit asosida Gentra mashinasini olish uchun murojaat qilgan. O‘rtada shartnoma tuzilganidan keyin, MChJ ma'lum bir muddatga ushbu mashinani boshqa bir fuqaro nomiga rasmiylashtirib, jadval asosida belgilangan muddatda to‘lovlarni amalga oshirish sharti bilan mashinani unga bergan. Shundan so‘ng, qashqadaryolik fuqaro to‘lovlarni vaqtida amalga oshirib kelgan.
2021 yil iyun oyida MChJ direktori M.M. unga telefon qilib, «transport vositasini nomingizga rasmiylashtirib beramiz», deb chaqirtirgan va mashinani olib qo‘ygan.
Mazkur arizaga asosan, Samarqand viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davomida, «LR LAND ROVER» MChJ rahbari M.M. yuqoridagi holatdan tashqari, yana bir qator fuqarolarning ishonchiga kirib, aldab mol-mulkini qo‘lga kiritgani aniqlangan.
Jumladan, B.Sh. va boshqalar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ariza bilan murojaat qilib «LR LAND ROVER» MChJ direktori va jamiyatning boshqa xodimlariga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan. Murojaatda ma'lum qilinishicha, ushbu MChJ direktori M.M. 10-15 kunda mashina olib berishni va'da qilib, 2019 yil oktyabrdan va 2020 yil noyabrgacha bo‘lgan davrda ulardan 50 million so‘mdan 120 million so‘mgacha pul olgan. Ammo hozirgi kungacha mashina olib bermasdan aldab kelgan.
Bundan tashqari, o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, «LD LAND ROVER» MChJ direktori fuqarolarga mashinalarni 1 ish kuni va boshqa qisqa muddatlarda sotib olib berishni va'da qilib, ularning ishonchiga kirgan. So‘ng, 2019 yil oktyabrdan 2021 yil maygacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida 16 nafar fuqaroning jami 550 million 479 ming so‘m pullarini qo‘lga kiritgan. Fuqarolarga mashinalarni yetkazib bermasdan va ulardan olingan pullarni MChJ hisobraqamiga kirim qilmasdan, o‘zining ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Qayd etilishicha, mazkur ish yuzasidan joriy yil 29 iyulda Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan MChJ direktori M.M. va jamiyatning boshqa mas'ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
«Ushbu MChJdan jabr ko‘rgan fuqarolar Samarqand shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga murojaat qilishlari so‘raladi», deyiladi, xabarda.