Respublika maktablarining 90 foiziga optik tolali internet tarmog‘i yetkazilmoqda – Vazirlar Mahkamasi

Jamiyat 12:29 / 30.07.2021 5547

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi davlat dasturining 2021 yil birinchi yarim yilligi ijrosi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi hisoboti eshitildi. Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev birinchi yarim yillik hisobotini o‘qib eshittirdi.

Hukumat hisobotida xalq ta'limi tizimida ta'lim sifatini oshirish bo‘yicha ta'sirchan chora-tadbirlar amalga oshirilgani, 90 foiz maktablarga optik tolali internet tarmog‘i yetkazilayotgani aytildi.

«Respublikaning 90 foiz umumta'lim maktablariga yuqori tezlikdagi optik tolali internet tarmog‘i yetkazilmoqda hamda 2550ta ta'lim muassasasi ichki lokal tarmoq uskunalari hamda Wi-Fi qurilmalari bilan ta'minlandi.

Oliy ta'lim bilan qamrovni oshirish maqsadida prezident qarori qabul qilindi. 2021-2022 o‘quv yilidan boshlab OTMlarga ajratiladigan davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari 25 foizga oshirildi. Raqamlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, o‘tgan yili jami qabul ko‘rsatkichi 150 bo‘lsa, joriy yil 180 ming rejalashtirilmoqda», dedi Bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev.

Respublikadagi barcha maktablar optik tolali internet bilan ta'minlanishi bugun paydo bo‘lgan gap emas. O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov oktabr oyida Moskvada bo‘lib o‘tgan «Ochiq innovatsiyalar-2019» forumida 2020 yil oxirigacha mamlakatdagi barcha maktablar, maktabgacha ta'lim muassasalari va tibbiyot muassasalari optik tolali internet bilan qamrab olinishini aytgandi.

Bundan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 11 may kuni bo‘lib o‘tgan raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishga bag‘ishlangan yig‘ilishda AKT vaziri Shuhrat Sodiqov telekommunikatsiyalar qurilishi va kengaytirilishi hisobiga 2020 yil oxirigacha 11,3 mingta ijtimoiy obekt, jumladan, maktabgacha ta'lim va sog‘liqni saqlash muassasalarining 100 foizi, maktablarning 70 foizi optik tolali internetga ulanishini ma'lum qilgan. Biroq amalda bu so‘zlarning ijrosi ta'minlanmadi. 2020 yilda ushbu reja 70 foizga bajarilib, yana 1600ta maktabni internetlashtirish 2021 yilga qoldirilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: