Qashqadaryoda o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan maktab direktoriga hayfsan jazosi berildi

Jamiyat 20:23 / 30.07.2021 1457

Ma'lum qilinishicha, Qamashi tumanida joylashgan 5-maktabda direktor tomonidan o‘qituvchilarning majburiy mehnatga jalb qilingani holati joriy yil 29 iyul kuni Qashqadaryo viloyati xalq ta'limi boshqarmasi va tuman xalq ta'limi bo‘limi mas'ullaridan iborat ishchi guruh tomonidan atroflicha o‘rganilgan.

O‘rganish davomida, ushbu holat bo‘yicha maktabning kimyo fani o‘qituvchisi K.S., boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari G‘. Ch., H. M., O‘. M., B. V., D. G., B.B., Q. G., ona tili o‘qituvchisi N.N., matematika o‘qituvchilari S. Sh., O‘. Yu., kasaba uyushma raisi D. A., ChYoT rahbari R. H.lar bilan suhbat o‘tkazilgan. Ular maktab direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi S.X.ning tashabbusi bilan o‘qituvchilar maktab binosi va hovlisini tozalash hamda obodonlashtirish ishlariga jalb etilganini tasdiqlashgan.

Qayd etilishicha, joriy yil 26 iyul kuni X. S. barcha o‘qituvchi va ishchi xodimlarni yig‘ib, ularni maktabning 7 gektar chiqadigan yer maydonini ixtiyoriy ravishda obodonlashtirish ishlariga jalb qilish bo‘yicha ko‘rsatma bergan. Maktab direktori ushbu ko‘rsatmaga asosan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi E. F.ning kasalligini inobatga olmasdan uni mehnatga jalb qilgan.

Ta'kidlanishicha, maktabning xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari J. A. o‘z lavozim majburiyatlariga mas'uliyatsizlik bilan qarab maktabda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish hamda maktabni yangi o‘quv yiliga tayyorlash ishlarida sustkashlikka yo‘l qo‘ygan. Maktab o‘yingohlarini begona o‘tlardan tozalamagan hamda yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilmagan.

Ushbu holatlar bo‘yicha maktab direktori X. S.ga nisbatan viloyat XTB boshlig‘ining 2021 yil 29 iyuldagi buyrug‘iga ko‘ra, Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan «hayfsan» intizomiy jazo chorasi qo‘llangan. Bundan tashqari, xo‘jalik ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari J.A.ga nisbatan Mehnat kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan Qamashi tumani XTB mudirining 2021 yil 29 iyuldagi buyrug‘iga asosan «hayfsan» intizomiy jazosi qo‘llangan.

Ko‘proq yangiliklar: