Andijon viloyatida avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish texnikalari o‘rnatilgandan beri 245 098 ta transport vositasi yo‘l harakati qoidalarini buzib harakatlangani aniqlangan.
Bugungi kunga kelib shundan 188 987 ta qoidabuzarliklar uchun solingan jarimalar undirilgan.
Bundan tashqari, ixtiyoriy to‘lash muddatida o‘z to‘lovlarini amalga oshirmagan shaxslar 20 125 nafarni tashkil qiladi. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar qildi.
Hozirgi kunda undirilmagan jarimalarni undirish maqsadida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 2021 yil 30 iyulgacha Andijon viloyati IIB YHXB MA xodimlari tomonidan 60 kundan ortiq muddat o‘tgan jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarga asosan, ish yurituvi tugagunga qadar jarima solingan transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilmoqda.
Jumladan, Andijon shahri eski shahar hududi va Xo‘jaobod tumanida o‘tkazilayotgan tadbirlar davomida hatto 10-15 tadan jarimani to‘lamasdan yurgan haydovchilar aniqlanmoqda. Ularning avtomobillari jarima maydoniga joylashtirilib, to‘planib qolgan qarzdorliklarni undirish choralari ko‘rilmoqda.