Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmaliq kombinatiga tashrifi davomida tog‘-kon sanoati texnikasini ko‘zdan kechirdi va «BelAZ» samosvali rulida o‘tirib, haydovchi bilan suhbatlashdi.
Kun.uz muxbiri xabar berishicha, faollar yig‘ilishi davomida prezident «BelAZ» haydovchisi bilan samimiy suhbat haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Men undan [haydovchidan] qancha oylik olayotgani haqida so‘radim. “12-14 mln so‘m oylik olyapman. Xudoga shukr, uy-joy qildim, bolalarimni o‘qityapman. Ro‘zg‘ordan kamchiligim yo‘q. Sizga bir sirni aytay – yaqinda “Malibu” mashinasi ham sotib oldim», deb javob berdi.
“Bundan uch-to‘rt yil oldin maoshing qanaqa edi?” deb so‘rasam, “Qo‘ying, buni aytmay qo‘ya qolay...”, dedi», deya suhbat tafsilotlarini so‘zlab berdi davlat rahbari.
Belarusda ishlab chiqarilgan «BelAZ» yuk tashuvchi avtomobillari tog‘-kon sanoatida ishlatiluvchi o‘ta yirik karer samosvallari hisoblanadi. Xususan, «BelAZ-75710» rusumli avtomobil 450 tonna yuk tashishga moslashgan. 2013 yilda ishlab chiqarilgan bu model 2014 yilning yanvar oyida sinov poligonida 503,5 tonna yuk tashib rekord o‘rnatgan.