Shahrisabz tumanida suv paxta dalalariga haydalayotgani, boshqa fermerlarga berilmayotgani aytildi. Tuman hokimligi buni rad etdi

Jamiyat 14:39 / 29.07.2021 1435

Ijtimoiy tarmoqlarda shahrisabzlik fermer N.Yusupov 28 gektar maydonda dehqonchilik qilayotgani, biroq dalalarini sug‘orish uchun Shahrisabz tuman ichki ishlar bo‘limi tomonidan suv berilmagani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi mazkur xabarga munosabat bildirib holatni rad etdi. Munosabatda yozilishicha, fermer asossiz vajlar bilan keng jamoatchilikni o‘ziga qaratishga urinmoqda.

Ma'lum qilinishicha, mazkur xabar yuzasidan o‘rganish olib borilganida fermer N.Yusupovning yer maydoni Shahrisabz shahrida joylashgani, ayni paytda dalada qurib qolgan ekin yo‘qligi, hozirgi holatda ekinlar sug‘orilayotgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, joriy yil 24 iyuldan 30 iyulgacha qishloq xo‘jaligini sug‘orishga mo‘ljallangan suv tuman ichki ishlar bo‘limiga qarashli uchinchi sektor hududidagi paxta maydonlariga yo‘naltirilgan. Ushbu 3-sektor hududida 87 ta fermer xo‘jaligining 1 639 gektar yerida g‘o‘za ekilgan va ulardan 5064,5 tonna paxta xomashyosi olish rejalashtirilgan. Tuman bo‘yicha esa joriy yilda 212 ta fermer xo‘jaliklariga qarashli 4 300 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlanmoqda. Ushbu maydonlardan 13 291 tonna paxta xomashyosi olish ko‘zda tutilgan.

«Ma'lumki, g‘o‘za agrotexnikasi o‘ta muhim jarayon hisoblanadi. O‘z vaqtida sug‘orish mo‘l-ko‘l hosil olishni belgilaydi. Shu maqsadda tumanda bu yilgi qurg‘oqchilik sharoitida ham suvdan unumli foydalanish maqsadida maxsus limit asosida barcha ekin maydonlari o‘z vaqtida sug‘orib kelinmoqda.

Ayrim internet foydalanuvchilarining ushbu xabar yuzasidan qoldirayotgan fikrlari o‘ta nisbiy. Xususan, ular tuman ichki ishlar boshlig‘ining turli salbiy so‘zlar bilan sha'nini bulg‘ashga urinishmoqda. Eslatib o‘tamiz, tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining 3-sektor hududidagi fermerlar orasida qarindoshlari yo‘q va u vakolati doirasida faoliyat olib bormoqda. N.Yusupovning faoliyati yuzasidan Shahrisabz shahar hokimligi mutasaddilari o‘rganish olib borishadi, degan umiddamiz», deyiladi munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: