Ozarboyjon viza siyosati
Ozarboyjon viza tizimi mamlakatga vizasiz kiruvchilar va viza olishi zaruriy bo‘lgan mamlakatlar fuqarolarini belgilash nuqtayi nazaridan biroz murakkab hisoblanadi. Ozarboyjon viza tizimiga ko‘ra, mamlakatga viza bilan yoki vizasiz, shuningdek, maksimal yashash muddati bilan kirish imkoniyati bor.
Mamlakatga sayohat qilishni istaganlar avval Ozarboyjon viza siyosatini o‘rganishlari zarur. Bu orqali ular Ozarboyjonga kirish uchun viza olishi kerakmi yoki viza rejimidan ozod etilganmi bilib olishlari mumkin.
O‘zbekiston uchun 90 kungacha vizasiz rejim amal qiladi
Sayyohlik yoki biznes bilan shug‘ullanish maqsadida bir qancha davlat fuqarolari Ozarboyjonga vizasiz kirishlari va 90 kungacha qolishlari mumkin. Ushbu davlatlar ro‘yxatida O‘zbekiston Respublikasi ham mavjud.
Yana bir qancha davlatlar fuqarolari uchun 30 kungacha amal qiladigan, aeroportga kelgach olish zarur bo‘lgan viza rejimi ham bor.
Ozarboyjon elektron vizasi – ASAN viza
Ozarboyjon viza tizimi birmuncha murakkab ekanligi, uni olishning turli davlatlar uchun turli kategoriyalari mavjudligi haqida yuqorida aytib o‘tgandik. Shunga ko‘ra, Ozarboyjon vizasini elektron tarzda olish uchun ham alohida davlatlar ro‘yxati mavjud. Ya'ni, ushbu davlatlar fuqarolari Ozarboyjonda 90 kungacha qolish uchun vizani elektron shaklda olishlari mumkin.
ASAN vizasini olish tartibi
ASAN viza deb nomlanuvchi Ozarboyjon elektron vizasi Ozarboyjon Respublikasining mamlakatga sayohat qiluvchilarga qulaylik yaratish maqsadida ishlab chiqilgan eng so‘nggi dasturlaridan biri hisoblanadi. Elektron vizani onlayn ravishda, Ozarboyjon rasmiy vizasi veb-saytidan olish mumkin. Arizachilar kamida 3 kun oldin ariza topshirishlari va ariza berish paytida Ozarboyjon hududidan tashqarida bo‘lishi lozim.
Ushbu vizaga murojaat qilish uchun barcha kerakli ma'lumotlarni to‘ldirish bilan barobar quyidagi talab qilinadigan hujjatlarni yuklashingiz kerak bo‘ladi:
- Skaner qilingan pasport nusxasi;
- 3,5 × 4,5 fotosurat;
- Band qilingan mehmonxona;
- Ozarboyjonga chipta.
Elektron viza uchun har bir arizachi 20 AQSh dollari va qo‘shimcha xizmat uchun 3 AQSh dollari miqdorida haq to‘laydi. Elektron viza rad etilgan taqdirda, har ikkala to‘lov ham qaytarib berilmaydi. To‘lovlarni faqat Visa, MasterCard va Union Pay yordamida amalga oshirish mumkin va karta ariza beruvchining nomi ostida bo‘lishi shart emas.
Elektron vizani ariza topshirilgandan keyin 3 kun ichida elektron pochta orqali olasiz. Viza amaldagi pasport bilan birga Ozarboyjon kirish joyida chop etilishi va taqdim etilishi kerak.
Ozarboyjon standart vizasi
Ozarboyjon standart vizasi – bu viza olishi zaruriy bo‘lgan mamlakatlar fuqarolarining o‘z yashash joyidagi Ozarboyjon elchixonasi yoki konsulligida ariza topshirgach, sayohat qiluvchilarga beriladigan hujjat (stiker).
Ariza beruvchining maqomiga qarab beriladigan stikerlarning uchta toifasi mavjud: diplomatik, xizmat va oddiy. Shu bilan birga, mamlakatga kirish maqsadiga qarab vizalarning ikki turi mavjud: kirish va tranzit vizalari. Kirish vizasi maksimal 90 kun davomida amal qiladi va quyidagicha shakllarda berilishi mumkin:
1) Bir martalik kirish vizasi – 90 kunlik davr mobaynida faqat bir marta kirish-chiqish imkoniyatini beradi.
2) Ko‘p martalik kirish vizasi – 2 yilgacha amal qiladigan viza turi hisoblanadi. Ushbu viza tegishli davr mobaynida odamga bir necha marta mamlakatga kirishga imkon beradi.
Ozarboyjon tranzit vizasi
Chet elliklarga va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga bir martalik yoki ikki martalik kirish uchun beriladigan tranzit vizasi mavjud bo‘lib, u boshqa davlatga yetib borish uchun Ozarboyjon Respublikasi hududidan tranzit o‘tishiga ruxsat beradi. Ushbu viza 30 kun davomida amal qiladi va uning egasi Ozarboyjonda ko‘pi bilan 5 kungacha qolishi mumkin.
Qanday maqsadlarda Ozarboyjonga viza olish uchun murojaat qilish mumkin?
Chet elliklarning Ozarboyjonga viza olish uchun murojaat qilishlari mumkin bo‘lgan maqsadlar quyidagilardan iborat:
- Biznes;
- Ilm-fan va ta'lim;
- Mehnat;
- Turizm;
- Madaniyat va sport;
- Gumanitar;
- Shaxsiy sayohat;
- Tibbiy maqsadlarda.
Ozarboyjon vizasi talablari
Ozarboyjon standart vizasiga murojaat qilish jarayonida barcha zaruriy hujjatlarni yig‘ish eng muhim qism bo‘lib, ushbu hujjatlar sizning shaxsingizni, sayohat qilish huquqini, sayohatning maqsadi va sayohat tartibini tasdiqlaydi. Ushbu hujjatlar quyidagilardir:
- Ozarboyjon vizasi uchun to‘ldirilgan ariza. Uni elektron shaklda mfa.gov.az saytida to‘ldirish mumkin.
- Pasportingiz yoki Ozarboyjonda istiqomat qilish jarayonida kamida 3 oy davomida amal qiladigan boshqa sayohat hujjatlari.
- Sizning biometrik identifikatsiyalash talablaringizga mos keladigan rangli ikkita fotosurat.
- Tibbiy sug‘urta guvohnomasi nusxasi.
- Viza to‘lovi amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjat (kvitansiya).
Ota-onasiz yoki qonuniy vakilisiz sayohat qilayotgan 18 yoshga to‘lmaganlar uchun quyidagi qo‘shimcha hujjatlar talab qilinadi:
- Tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnomaning notarial tasdiqlangan nusxasi;
- Ota-onalarning yoki qonuniy vakilning ruxsati;
- Ota-onalarning yoki qonuniy vakilning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar nusxalari.
Turli viza turlari uchun viza talablari ham turlicha bo‘lishi mumkin. Xususan:
1. Turizm vizasi talablari: Sayohat qilishdan maqsad, ya'ni turizm vaucheridir. Mehmonxonada, lagerda, turistik bazada yoki boshqa shunga o‘xshash binolarda joy band qilinganligini tasdiqlovchi hujjat.
2. Ilm-fan yoki ta'lim vizasi talablari: Ozarboyjon Respublikasida o‘qish va yashash bilan bog‘liq xarajatlarni to‘lash uchun yetarli mablag‘ingiz borligini tasdiqlovchi hujjat.
3. Tibbiy viza talablari: Sizni tekshirish yoki davolash zarur bo‘lgan kasallik borligining isboti.
4. Shaxsiy tashriflar uchun viza talablari: Sizni taklif etayotgan shaxsning pasport nusxasi, safar bilan bog‘liq moliyaviy xarajatlarni qoplashingiz mumkinligining isboti. Bundan tashqari, taklif etuvchining oila a'zosi ekanligini tasdiqlovchi hujjat.
5. Tranzit viza talablari: Siz sayohat qiladigan uchinchi mamlakat tomonidan berilgan vizaning nusxalari hamda mazkur mamlakatga chipta.
Ozarboyjon vizasini rasmiylashtirish jarayoni
Ozarboyjon vizasini olish uchun ushbu mamlakat rasmiylari tomonidan belgilangan bir nechta tartib-qoidalarni bajarishingiz kerak bo‘ladi. Eng so‘nggi arizangizni Ozarboyjonga sayohat qilishdan 15 kun oldin yuborishingiz mumkin. Siz yig‘ilgan barcha hujjatlarni o‘z mamlakatingizdagi diplomatik vakolatxonalarga, elchixonaga yoki konsullikka topshirishingiz kerak.
E'tibor bering: Agar siz Ozarboyjonda 15 kundan ortiq muddatga qolsangiz, yashash joyingizda ro‘yxatdan o‘tishingiz lozim.
Davlatbek Asadov,
UzbekLife kolumnisti