Rossiyada O‘zbekiston Investitsiya vazirligi vakolatxonasi ochildi

Jamiyat 12:42 / 28.07.2021 1822

Hukumat qarori bilan Moskva shahrida O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining vakolatxonasi ochildi.

Hujjatda belgilanishicha, vakolatxona respublikaga Rossiyadan jalb etiladigan investitsiyalar hajmini ko‘paytirish, rus bozoriga mahalliy tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini oshirish va ikki mamlakat tadbirkorlik sub'yektlari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirishga xizmat qiladi.

Qarorda vakolatxona xodimlarining cheklangan soni 7 kishidan iborat ekani, ularning yillik ish haqi fondi 173 ming 712 dollar bo‘lishi va bu mablag‘lar davlat budjetidan moliyalashtirilishi keltirilgan. Xususan, direktorning yillik maoshi 31 ming 416 dollar, investitsiya masalalari bo‘yicha menejyerniki 48 ming dollar etib belgilangan.

Shuningdek, vakolatxonaga to‘rtta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratiladi.

Vakolatxonani 2021 yilda 6 oylik saqlash xarajatlariga 492 ming dollar ajratiladi. Mazkur mablag‘ davlat budjeti parametrlarida xorijdagi vakolatxonalarni saqlash uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida moliyalashtiriladi.

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining so‘roviga asosan 2022 yildan boshlab vakolatxonani saqlash xarajatlari uchun zarur budjet mablag‘lari respublika budjeti parametrlarida nazarda tutiladi.

Vakolatxona Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga hisobot beradi va o‘z faoliyatini vazirning umumiy rahbarligida amalga oshiradi.

Tashkilot rahbari o‘z darajasi bo‘yicha O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi maslahatchisi lavozimiga tenglashtiriladi va o‘z faoliyatini respublikaning xorijdagi muassasalari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi.

Avvalroq, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi taklifi bilan 50 kishilik shtatga ega Strategik rivojlanish agentligi tashkil etilgan edi. Agentlikning xarajatlari uchun O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 30 mln dollar hech qanday shartlarsiz o‘tkazib berilishi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: