Qashqadaryo viloyatida 2021 yil olti oy davomida YHXBdan MIBga yo‘l harakati qoidalarini buzgan haydovchilardan jarimalarni undirish bo‘yicha 40 ming 764 ta ijro hujjati kelib tushgan. Bu haqda MIB viloyat boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil olti oy davomida MIB Qashqadaryo viloyat boshqarmasi organlari ish yurituviga viloyat IIB YHXB tomonidan 40 ming 764 ta, jami 10 milliard 100 million so‘mlik ijro hujjatlari kelib tushgan. Ulardan jami 25 ming 989 ta, 6 milliard 700 million so‘mlik ijro hujjatlarining ijrosi ta'minlangan va haydovchilardan o‘z vaqtida to‘lanmagan jarimalar undirilgan.
Qayd etilishicha, birgina iyun oyida o‘tkazilgan reyd davomida ma'muriy jarimalarni muddatida to‘lamagan transport vositasi haydovchilari zamonaviy AUTOCON uskunasi yordamida aniqlanib, 4 ming 646 ta huquqbuzar haydovchidan 1 milliard 200 million so‘m qarzdorliklar undirilgan. 300 dan oshiq haydovchilar esa jarimani to‘lamagani uchun ular boshqaruvida bo‘lgan transport vositalari jarima maydoniga joylashtirilgan.
Ma'lumot uchun, amaldagi tartiblarga ko‘ra, huquqbuzar jarima solish to‘g‘risidagi qaror topshirilgan kundan boshlab, 15 kundan kechiktirmay jarimani to‘lashi belgilangan. Maxsus avtomatlashtirilgan foto va video qayd etish uskunalari orqali qayd etilgan qoidabuzarlik uchun solingan jarimani qaror chiqarilgan kundan boshlab 60 kundan kechikmay to‘lashi lozim. Ana shu muddatda to‘lanmagan jarimalar ijro hujjatlari orqali MIBga o‘tkaziladi va majburiy tarzda undiriladi.