Oqoltin shaharchasi viloyat markazidan 25 km masofada joylashgan. Qahramonimiz — Gulnora Ergashevaning bu yerga ko‘chib kelganiga bir yil bo‘lgan. O‘zining aytishicha, ungacha turli joylarda faqat ijarada yashab kelgan.
Gulnora Ergasheva oilasi bilan bir yildan beri Oqoltin shaharchasida, chorva mollarini boqish uchun mo‘ljallangan fermada yashab kelmoqda. Bu yerda bir paytlar mol boqilgan. Hozir ham fermerning 5-6 ta moli parvarish qilinmoqda. Chor atrofdan shunga yarasha hid kelib turibdi. Pashsha va chivin yopirilishiniku, asti qo‘yavering.
U o‘zining ikki o‘g‘li, bir kelini va ikki nabirasi ham o‘zi bilan shu yerda yashaydi. Gulnora opaning aytishicha yana bir o‘g‘li tog‘asi bilan Oqoltin tumanida istiqomat qilar ekan.
Oilaning hech qachon o‘z uyi bo‘lmagan, ular bu yerga ko‘chib kelgunga qadar faqat ijarada yashashgan.
Ular hozir yashayotgan joygacha tabiiy gaz yetib kelmagan. Balonli gaz ham olib kelinmaydi. Uyni isitish va ovqat pishirish uchun daladan o‘tin terib kelinadi. O‘choqda ovqat qilinadi. Oilaning qo‘li shu qadar yupqaki, uyni isitish va ovqat pishirish jarayonini suratga olmoqchi bo‘lganimizda, o‘choqqa olov yoqishga ham tortinishdi. Chunki, o‘tinni ular xarid qilishmaydi, uni chor atrofdan terib kelishadi. Shu sababli iqtisod qilib ishlatishga majbur.
Oilada chorva, parranda yo‘q. Chunki uy hayvonlarini asrash uchun ularda yetarli mablag‘ning o‘zi yo‘q. Daromad esa farzandlarining ishlab topishiga bog‘liq. Katta o‘g‘li kunbay qurilish ishlariga chiqadi. Ish yaxshi bo‘lsa 100-200 ming so‘m topishi mumkin. Kichik o‘g‘li esa mahalliy aholining chorvasini boqar ekan. Uning oyligi 200 ming so‘mni tashkil qiladi. Bu arzimas ish haqlari ro‘zg‘ordan, yeb-ichishdan ortmaydi, keyingi oylikkacha amallab yetkaziladi.
Gulnora opa pensiya yoshida. Lekin o‘z uyi, muqim yashash manzili bo‘lmaganligi sababli hozirga qadar pensiya ololmay kelmoqda.
«Ikki nevaram, uch o‘g‘lim bor. 1990 yilda tug‘ilgan o‘g‘lim Oqoltin tumanida tog‘asini qo‘lida yashaydi. Uyli-joyli qilgan, «uchastka»si bor. Qurilishda «oboi» ishlarini, naqshlarini qiladi. Ustachilik bilan tirikchilik qiladi.
Bu yerda gaz yo‘q, tok bilan ish qilamiz. O‘g‘lim har ikki kunda o‘tin chopib keladi. Sovuq kunlarda ham, qor yog‘ganda ham o‘tin bilan tirikchilik qildik. Ikki xonani o‘tin bilan isitib o‘tiramiz. Yozda ham o‘tin qilib kelishadi, o‘choqqa ham o‘tin kerak. Gaz liniyalari bor, lekin gaz kelmaydi bu yerlarga. Gaz balloni ham kelmaydi.
O‘g‘lim paxta zavodida ishlardi. Hozirda u yerda ish to‘xtab qolgan. Shuning uchun kunlik ishlarni qilib qiladi. Har kuni ishga chiqqanda 100-150 ming topib keladi, eplab turibmiz. 2001-yil tug‘ilgan o‘g‘lim poda boqib, 200 ming oylik oladi. Kelinim yaqinda ishga kirdi. Hali qancha oylik olishini bilmaymiz.
Doimiy yashash joyim bo‘lmagani uchun pensiyaga chiqishni iloji bo‘lmadi. Mana endi o‘g‘lim uchastkasini bitirsa, u yerda hisobga tursam, keyin pensiyaga chiqishga harakat qilaman», dedi Gulnora Ergasheva.
Mirzaobod tumani mas'ullari ushbu oilaning yashash sharoiti bilan tanishib, o‘z imkoniyatlarini chamalab, yaqindan yordam berishadi, degan umiddamiz. Ayniqsa, Gulnora opaning pensiya olishi masalasida.
Shuhrat Yunusov, Kun.uz muxbiri.