Kitobdagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirus yuqtirgan bemorlar davolanayotgani aytildi. Qashqadaryo viloyat SSB buni rad etdi

Jamiyat 21:57 / 28.07.2021 2150

Ma'lum qilinishicha, Kitob yuqumli kasalliklar shifoxonasida hamshira bo‘lib ishlovchi Vazira Qobilovaning videomurojaati viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Ravshan To‘lakov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan o‘rganilgan. Aniqlanishicha, Kitob tumani yuqumli kasalliklar shifoxonasi 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, bir yilda qariyb 8 mingga yaqin bemorlar u yerda davolanadi. Shifoxona binosi 2020 yilda mukammal ta'mirdan chiqarilgan va zamonaviy tibbiy jihozlar bilan ta'minlangan.

Joriy yilning iyul oyida Vazirlar Mahkamasi tomonidan berilgan maxsus topshiriq asosida mazkur muassasada kislorod stansiyasi o‘rnatilgan va 140 ta kislorod berish nuqtasi tashkil etilgan.

Qayd etilishicha, ayni paytda mazkur shifoxona koronavirusdan keyin reabilitatsiya faoliyatiga moslashtirilgan bo‘lib, bu yerda bemorlarda muntazam ravishda PZR tahlillari o‘tkazib boriladi. Shuningdek, qabul bo‘limida ekspress-testlar ham tashkil etilgan. Agar biror bemorda koronavirusga musbat natija aniqlanguday bo‘lsa, uni zudlik bilan viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga jo‘natish mexanizmi joriy etilgan.

Ta'kidlanishicha, shifoxonaga ayni paytda koronavirusga chalingan emas, balki COVID-19ni boshdan o‘tkazgan, PZR tahlili manfiy, yuqumlilik darajasi yo‘q bo‘lgan bemorlar yotqizilgan.

«Jamoa o‘rtasida tushuntirish ishlarini yetarli darajada tashkil etmaganligi va bu borada bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yganligi sababli shifoxona rahbariga tegishli tartibda chora ko‘riladi. Viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi rejasi asosida mazkur shifoxonani epidemiologik vaziyat va bemorlar sonidan kelib chiqqan holda tumanlararo COVID-19 maxsus shifoxonasi sifatida ochish rejalashtirilgan. Videomurojaat muallifi – yuqumli kasalliklar shifoxonasining hamshirasi Vazira Qobilovaga mazkur vaziyat bo‘yicha batafsil tushuntirish berildi», deyiladi viloyat SSB munosabatida.

Ko‘proq yangiliklar: