Videoselektorda vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalarga 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy budjetdan 1,2 million so‘m, nogironligi bo‘lganlarga esa, respublika budjetidan 2,5 million so‘mdan to‘lanishi ma'lum qilindi.
«Ishchi guruhi tuziladi, vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ahvoli, ularning oilaviy sharoitidan haftalik xabar oladigan tizim yaratiladi. Bunda, mehrga muhtoj bolalarni farzandlikka olib, o‘z jigarbandi sifatida tarbiyalayotgan oilalarning faoliyatiga aralashmaslik kerak.
Umuman, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari bilan ishlashning yangi tizimini vasiylikka olingan bolalar bilan ishlashga ham joriy etish kerak. Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar 18 yoshga to‘lguniga qadar mahalliy budjetdan 1,2 million so‘m, nogironligi bo‘lganlarga esa, respublika budjetidan 2,5 million so‘m to‘lanadi.
Nogironligi bo‘lgan bolalarni o‘z qaramog‘iga olgan oilalarga, ularning parvarish davrini mehnat stajiga qo‘shib hisoblash tartibi joriy etiladi. 1 sentyabrdan boshlab nafaqa miqdori oiladagi bolalar sonidan kelib chiqib belgilanadi. Bunda bolalar yoshi 14 yoshdan 18 yoshgacha, to‘lov muddati 6 oydan 12 oygacha uzaytiriladi.
Bundan tashqari, «temir daftar»ga kirgan oilalarning 122 ming nafar farzandlari, shuningdek, 370 ming nafar boquvchisini yo‘qotgan va nogironligi bo‘lgan bolalarga maktabga chiqishi uchun 500 ming so‘mdan beriladi (bunga budjetdan 250 milliard so‘m ajratiladi).
Vasiylik, homiylik va patronatga olingan bolalar ham oliygohlarga kirishda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalari bitiruvchilari uchun ajratilgan qo‘shimcha kvotadan foydalanadi. Hozirda chin yetimlarga ajratilgan 1,6 mingta kvotaning 563tasidan foydalanilgan, xolos.
Bundan buyon boshqa hududlardagi Mehribonlik va Bolalar uylari tarbiyalanuvchilarini ham tarbiyaga olishga ruxsat beriladi va elektron navbat tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Misol uchun, Toshkent shahrida 64 nafar bolaga 518ta oila navbatda turibdi. Bu tizimda muammo bor, byurokratiya avj olgan, shaffoflik yo‘q», deya davlat rahbarining so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.