Dehqonobodda yerlari tortib olingan kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlar muammosi viloyat ishchi guruhi tomonidan o‘rganib chiqiladi. Bu haqda bugun, 28 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev rahbarligida Dehqonobodda o‘tkazilgan sayyor qabul paytida ma'lum qilingan.
Qayd etilishicha, bugun, 28 iyul kuni Qashqadaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayev rahbarligida Dehqonobodda sayyor qabul o‘tkazilgan. Sayyor qabulda yerlari tortib olingan kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlar ham qatnashgan va o‘zlari duch kelayotgan muammoga ijobiy yechim so‘rashgan.
Tadbirkorlardan biri viloyat hokimining birinchi o‘rinbosariga jami 21 nafar tadbirkorning yeri olib qo‘yilganini bildirgan. Uning aytishicha, kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlar 2014-2019 yillar oralig‘ida sohaga doir dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish to‘g‘risidagi farmon va qarorlar bilan qonuniy tarzda 25 yildan 49 yilgacha bo‘lgan muddatlar uchun shartnoma imzolab yer olishgan.
Uning ta'kidlashicha, Prezidentning 2020 yil 2 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingach, tegishli mas'ullar uni noto‘g‘ri ijro qilgan. Shu sabab tadbirkorlarga tegishli yerlar ularning roziligisiz tumandagi barcha yer maydonlari qatorida qo‘mita ixtiyoriga o‘tkazib yuborilganini aytib, o‘rtada tadbirkorlar jabrlanganini bildirgan.
Sayyor qabul davomida yerlari tortib olingan kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlarning muammosi eshitilgach, ularga bu masalada viloyat hokimligi qoshida ishchi guruhi tuzilganini va uning xulosasiga ko‘ra, yuqori tashkilotlarga takliflar kiritilishi ma'lum qilingan.
Ma'lumot uchun, 2021 yil 8 iyulda prezidentning «Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilingan. Mazkur qarorning 6-bandiga asosan, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasining doimiy egaligidagi yaylovlar hududida dorivor o‘simliklarni, shu jumladan, kovrak o‘simligini yig‘ish, ekish va yetishtirish uchun qo‘mita bilan ijara shartnomasi tuzib, unda belgilangan hududlarda rejasini amalga oshirishi belgilab berilgan.
Prezidentning 2020 yil 2 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, Dehqonobod tumanidagi barcha – 177 ming gektar yer maydoni Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hisobiga o‘tgan. Shu jumladan, tumanda faoliyat olib borgan va har yili o‘rtacha 5-6 million dollarlik eksport ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan 21 nafar kovrak yetishtiruvchi tadbirkorlarning yerlari ham qo‘mita hisobiga o‘tib ketgan.