Joriy yil 26 iyul kuni Qashqadaryo viloyatida kuchli shamol esib, qum bo‘ronlari kuzatildi. Ma'lum bo‘lishicha, kuchli shamol Qarshi shahridagi ayrim ko‘p qavatli uylarning tomini uchirgan. Holat bugun, 27 iyul kuni viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi tomonidan o‘rganilgan.
O‘rganishlarda ma'lum bo‘lishicha, 2021 yil 26 iyul kuni Qarshi shahrida esgan kuchli shamol shaharning «Gungon» MFYda joylashgan 3-sonli ko‘p qavatli uyning tom qismini uchirib ketgan. Oqibatda tomga yopilgan 80 metr kvadrat tunuka qoplama zararlangan. Qashqadaryo viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi mutaxassislari qisqa muddatlarda voqea joyiga yetib borib, tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etgan.
Qayd etilishicha, viloyat Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi huzuridagi «Ta'mirlash-tiklash xizmati Qarshi shahar» DUK tomonidan ko‘p qavatli uyning tom qismini ta'mirlash ishlari boshlangan, ammo kuchli shamol ishchilar faoliyatiga to‘sqinlik qilganligi sababli, baxsiz hodisalarning oldini olish maqsadida ta'mirlash ishlari vaqtinchalik to‘xtatilgan. Ta'mirlash ishlari 28 iyul kunidan davom ettirilishi rejalashtirilgan.
P.S. Aytishlaricha, «Gurgon» MFYdagi mazkur 3-sonli ko‘p qavatli uyning tomini joriy yil bahorda esgan kuchli shamol ham uchirgan. O‘shanda tomni ta'mirlagan ustalar ishni qo‘l uchida qilib ketgan shekilli, yana uchiribdi.