UzbekLife muxbiri Kanadaning nufuzli Dalhauzi universitetining magistratura bosqichida tahsil olayotgan hamyurtimiz Muhammadjon Toshpo‘latov bilan intervyu tashkil qildi.
Suhbat davomida u Kanadadagi ta’lim, o‘ziga xos kutubxonalar va “tanish-bilishchilik” haqida so‘zlab berdi.
Tizim va muhit fanlarni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi
O‘rta ta’limni Namangan shahridagi 2-sonli maktab-internat hamda Namangan davlat universiteti qoshidagi 1-akademik litseyda olishimga ota-onam sababchi bo‘lishgan va bu eng to‘g‘ri qaror bo‘lganiga hozir ham amin bo‘lyapman.
Maktab va akademik litseydagi o‘qituvchilar, tizim va muhit fanlarni chuqurroq o‘rganishimga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, akademik litseyda meni matematikadan olimpiadalarga tayyorlagan o‘qituvchim Zokirjon To‘lanov ushbu fanga boshqacha nazar bilan qarashga o‘rgatdi. Har bir formula yoki teoremani shunchaki ishlatish emas, balki birinchi isbotlash kerakligini shu ustozimdan o‘rgandim. Natijada matematikani darslik doirasidan tashqarida o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
Xuddi bizga berilgan imkoniyatdek tuyuldi
Akademik litseydagi o‘qishni tamomlashim arafasida yangi oliy ta’lim muassasasi – Toshkent shahridagi Inha universiteti ochilishi haqida xabar topdim. Axborot texnologiyalari sohasida Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi yangi universitet aynan biz bitirayotgan yilda ochilishi xuddi bizga berilgan imkoniyatdek tuyuldi. Matematikaga kuchli qiziqqanim, ingliz tilini bilganim hamda axborot texnologiyalari davrida yashayotganimiz uchun shu universitetni tanlashga qaror qildim.
Toshkent shahridagi Inha universiteti O‘zbekistondagi boshqa ko‘plab universitetlardan ajralib turardi. Universitetda talabalarning yaxshi bilim olishi eng yuqori maqsad qilib qo‘yilgan edi. O‘qituvchilarning chet davlatlardan olib kelinishi va Janubiy Koreya tomonidan nazorat qilinib boriladigan yuqori sifatli ta’lim bunga misol bo‘la oladi. Ayniqsa, to‘rtinchi bosqichni o‘qish uchun barcha talabalarning Koreya Respublikasiga jo‘natilishi bizga o‘ziga xos yangilik, ya’ni haqiqiy xalqaro muhitni xis qilish imkoniyatini berdi.
Yangi universitetni «birinchi qaldirg‘ochlar» qatorida bitirib, so‘ng ikki yil davomida «Maroqand», “O‘zbektelekom” AKning «Axborot tizimlari» filialida mobil dasturchi bo‘lib ishladim.
3 ta universitetga hujjat topshirdim va barchasiga qabul qilindim
Rivojlangan davlatlarda ta’lim olish va yashash shu davlatlarning ustun taraflarini yaxshiroq anglab yetishga yordam beradi. Bunday davlatlarning ustunligi faqat iqtisodiyot tomonidangina emas, balki qonunlarning ishlashi, odamlarning ularga rioya qilishi kabi jabhalarda ham o‘z aksini topadi. Shu sababdan 2017 yilda Janubiy Koreyada ta’lim olayotgan paytimda magistratura bosqichini rivojlangan davlatda o‘qish to‘g‘ri qaror bo‘lishini hamda bu menga orttiradigan tajribalarimni keyinchalik O‘zbekistonga joriy qilish imkoniyatini berishini tushunib yetdim. Bakalavrni tugatishim bilan o‘zim uchun to‘g‘ri keladigan universitetlar ro‘yxatini tuzishni boshladim. Universitetlarni tanlab olish uchun asosiy jihatlar quyidagilar edi:
1. Men qiziqqan yo‘nalishlar – «Machine Learning», Sun’iy ong va Kiberxavfsizlikning universitetda mavjudligi hamda universitet joylashgan davlatlar ushbu sohalar bo‘yicha yuqori tajribaga ega bo‘lishi;
2. Reyting – Jahonda TOP-500 talikda bo‘lishi;
3. Til – Ta’limning ingliz tilida olib borilishi;
4. Grantlar – Yangi va o‘qiyotgan talabalar uchun grantlarning mavjudligi.
Yuqoridagi jihatlarni hisobga olgan holda Kanada hamda Avstraliyadagi universitetlarga e’tibor qaratdim. Yakunda 3 ta universitetga hujjat topshirdim va barchasiga qabul qilindim: Melburn universiteti, Monash universiteti (Ikkalasi ham Avstraliya), Dalhauzi universiteti (Kanada).
Bu yerda o‘quv yili ikkiga emas, uchga bo‘linadi
Ochig‘ini aytishim kerak, Melburn universiteti mening birinchi raqamli tanlovim edi. Biroq o‘qish to‘lov pullari juda qimmatligi (yiliga taxminan 32 000 AQSh dollari) asosiy muammo edi. Shu sababdan 2018 yilda tashkil qilingan «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiyasi uchun hujjat topshirish variantini ko‘rib chiqdim. Fondning bir nechta talablari orasida ikki yillik ish tajribasiga ega bo‘lish talabi ham bor edi. Endigina bir yillik ish tajribasiga ega bo‘lganim uchun bu fondga hujjat topshira olmadim va Melburn hamda Monash universiteti tanlovlaridan voz kechishimga to‘g‘ri keldi va e’tiborimni Dalhauzi universitetiga qaratdim.
Hozirda Dalhauzi universitetida «Kompyuter fanlari» mutaxassisligi bo‘yicha magistratura bosqichida o‘qiyapman. Ko‘plab magistratura yo‘nalishlari kabi bu yo‘nalish ham ikki yillik. Faqat farq shundaki, bu yerda o‘quv yili ikkiga emas, uchga bo‘linadi.
Talabalardan birinchi yilda asosan «Kompyuter fanlari» yo‘nalishidagi to‘rt fanni o‘qib tugatish talab etiladi, qolgan vaqtda esa ilmiy ish jarayonlarida qatnashib, tezis yozish kerak. Mening tezisim Internetdagi kiberhujumlarni «Machine Learning» yordamida aniqlashga qaratilgan. Bunday mavzuni tezis yozishda menga ko‘rsatma beradigan professorning tavsiyasi hamda o‘zimning qiziqishimdan kelib chiqib tanladim.
Kanadadagi bir nechta universitetlar kabi Dalhauzi universiteti ham ilmiy ishlar miqyosi hamda natijalari bo‘yicha yuqori o‘rinlarda turadi. Bunga asosiy sabablardan biri universitet professorlar hamda talabalarga ilmiy ish qilishlari uchun zarur bo‘lgan yordamni ayamaydi. Bundan tashqari o‘qish davomida yaxshi natija ko‘rsatgan talabalarga grantlar ajratiladi. Men ham dekabr oyida ilmiy ish uchun universitet tomonidan grant sohibiga aylandim. Oradan ko‘p o‘tmay, birinchi bosqichda yuqori baholarga o‘qiganim uchun universitet yana qo‘shimcha grant ajratdi. Bunday yutuqlar talabalarni, shu jumladan meni yanada yaxshiroq izlanishga undamoqda.
“Culture shosk” bo‘ldi
Kanadaga birinchi kelganimda eng birinchi bo‘ladigan narsa “Culture shosk” bo‘ldi. Odamlari doim kulib yuradi. Xuddi tanishingizdek. Kuningiz yaxshi o‘tsin deb do‘stona gapirib qolishlari ham mumkin. Juda uzr so‘rashni yaxshi ko‘rishadi. Hatto sizning aybingiz bilan nimadir bo‘lsa ham. Yumshoqtabiat va samimiy insonlar. O‘qishga 5 kun kech qolib kelganman. Darslarni o‘tkazib yuborganman. Ustozlarni bu yerda ismi bilan chaqirishadi. Menga bu noqulay bo‘lgan. Kanadada hayratlantirgan narsa yonimizda okeanga yaqin joyda park bor. O‘rmonga o‘xshaydi. Daraxtlar sinib yotgan. Juda qaralmagan joydek ko‘rinadi. Boshida nega tozalanmagan deb o‘ylaganman. Lekin bu yovvoyi tabiatni saqlash uchun qilingan ekan. O‘sha singan shoxlar tagida jonivorlar, qumursqalar yashashi mumkin. Shahardan tashqari chiqsangiz, yo‘l cheti botqoqlik, archa daraxtlari sinib yotgan, xuddi hech kim qaramayotgandek ko‘rinadi. Bir yarim yil yashagan bo‘lsam hali daraxt kesilganini ko‘rganim yo‘q. Men yashab turgan shaharda chet elliklar juda ko‘p. Ziddiyatlarni ko‘rmaysiz. Totuv hayot kechirishadi. Kutubxonalar tizimi juda yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. A’zo bo‘lish tekin. Undan xohlagan kitobingizni uyingizga olib kelib o‘qishingiz mumkin. Olgan kitobingizni aynan o‘sha kutubxonaga topshirishingiz shart emas. Chunki barcha kutubxonalar bitta tizimda ishlaydi. Odamlarni kutubxonaga a’zo bo‘lishga undaydilar. Ular chiroyli qurilishdan tashqari yaxshi sharoitlarga ham ega. Hatto a’zo bo‘lganingizda kartangizga pul tashlab berishadi. Printerlardan tekin foydalanish uchun.
Yashashga oyiga o‘rtacha 800-1000 Kanada dollarigacha ketadi
Kanadaga kelmoqchi bo‘lganlar ingliz tilini bilishi lozim. Bakalavrda o‘qimoqchi bo‘lsa, IELTS’dan 6.5 olgan bo‘lishi zarur, magistraturada 7 bo‘lishi va hech bir bo‘lim 6.5dan past bo‘lmasligi kerak. Muddat juda muhim narsa, albatta. Bundan tashqari, grantlarga topshirmoqchi bo‘lishadi. Bular alohida bo‘ladi har doim. Universitet saytiga kirib, o‘qishga hujjat topshirganda grantlarga ham topshirish kerak bo‘ladi. Ba’zilar shu o‘qishga kiraman deydi va bitta universitetga topshiradi. Men bir nechta universitetga topshirishni maslahat bergan bo‘lardim. Reytinglarda ham xilma-xillikka e’tibor berish kerak bo‘ladi.
Kanadada o‘zim uchun yashashga oyiga o‘rtacha 800-1000 Kanada dollarigacha ketadi. Hozir men oz fan o‘qiyman va ilmiy ish bilan ko‘proq shug‘ullanaman. Albatta, bu uchun ilmiy rahbar tanlanadi. Agar bu ish qandaydir kompaniyadan olinadigan bo‘lsa, professor talabaga qanchadir miqdorda grant ajratishi mumkin. Bu yerda bir yilda 3 ta semestr bor. Har semestrda Supervisor 5000 ming dollar miqdorida grant beradi. Endi IT yo‘nalishidagi talabalarga keladigan bo‘lsak, loyiha olib masofadan ishlab ham pul topsa bo‘ladi.
Kanadada ham tanish-bilishchilik yo‘q emas
Talabalarga internetdagi ma’lumotlarni to‘g‘ri qidira olishni o‘rganishni tavsiya qilaman. Misol uchun, kimdir bir universitetga topshirmoqchi. O‘qishga topshirayotganda o‘zimizga kerak bo‘lgan ma’lumotni olish juda qiyin bo‘lib qoladi. Universitetning rasmiy veb-saytlaridan foydalanishlarini tavsiya qilardim. Tavsiya xati olish kerak. Odatda professor qanday xat berganini siz bilmaysiz. O‘zini yaxshi baholovchi ustozlardan olishni maslahat beraman. Davlatning qonunlarini o‘rganish kerak. Iqlimi, yashash sharoitlarini o‘rganish kerak. Kanadada kontraktdan tashqari xalqaro talabalar to‘laydigan qo‘shimcha to‘lov bor. Bu kichkina summa emas. Buni ham bilib olish kerak. Amaliyotlar mavjud, ulardan ham to‘g‘ri foydalana olish kerak. Kanadada ham tanish-bilishchilik yo‘q emas. Buni bu yerda netvorking deyishadi. O‘sha ishlamoqchi bo‘lgan korxonangizdan kimnidir topib, tanishlar orttirib yurishingiz kerak bo‘ladi.
Yurtimizda unchalik rivojlanmagan yoki biror-bir yangi sohada bo‘ladi
Yaqin kelajak uchun birinchi reja, albatta, o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib olish. Olingan ta’limni amalda qo‘llab ko‘rish juda muhim, deb hisoblayman. Shuning uchun Kanadaning o‘zidagi katta kompaniyalardan birida 2-3 yil tajriba orttirishni maqsad qilganman. So‘ngra O‘zbekistonga qaytib borib, bu yerda o‘rganganlarimni, tajribalarimni joriy etishga harakat qilaman. Bu asosan, yurtimizda unchalik rivojlanmagan yoki biror-bir yangi sohada bo‘ladi.
Asliddin Annayev suhbatlashdi