“Bojxona organlari tomonidan 2017 yilda 7,6 trln so‘m pul undirilgan bo‘lsa, bu yilda 30 trln so‘m davlat budjetiga undiriladi. Dastlabki 6 oyni oladigan bo‘lsak, 2017 yilga nisbatan bojxona to‘lovlarini undirish 4 barobarga oshgan. Bu tendensiya oshib boradi.
Shu ketishda davom etsa, O‘zbekistonga kirish-chiqish, tovarlar aylanmasi yana 5 yildan keyin 2 baravarga oshadi. Bu masala dunyoda qanday yechilgan, degan savolga javob berish kerak bo‘ladi. Hech qaysi davlatda bojxona xodimlarining soni tovarlar o‘sishiga qarab, yo‘lovchilarning kirish-chiqish hajmiga qarab oshirilmaydi. Bu faqat bitta yo‘l bilan hal qilinadi, ya'ni avtomatizatsiya bilan. Bu – birinchi masala.
Ikkinchi masala, biz soddalashtirilgan tartib haqida ko‘p gapiryapmiz, lekin soddalashtirilgan tartib tagida yana bir masala yotibdi. Bu – nazorat masalasi. Bunda davlatning xavfsizligi, uning iqtisodiy xavfsizligi bor. Bir vaqtning o‘zida ham soddalashtirish, ham nazorat qilishning yo‘li – xavfni boshqarish tizimini joriy etishdir. Bizda bu tizim joriy qilindi.
Bitta masala qolgan, uni ham hal etyapmiz. Xorijiy aeroportlarda havo kemasi ko‘tarilgandan boshlab bizda ma'lumot bo‘lishi kerak. Biz bunga erishyapmiz: xorij aviakompaniyalari bilan memorandum tuzib chiqyapmiz. Bizga kelayotgan fuqarolarning samolyotga bilet olishidan boshlab, bizga ma'lumot taqdim qiladi. Uchib kelayotgan yo‘lovchilarni bojxona nazoratidan o‘tkazish – dolzarb masala.
Xabaringiz bor, aeroportlarda “yashil” va “qizil” koridorlar bor; bugungi kunda 98 foiz fuqaro “yashil” yo‘lakdan harakatlanyapti. Mana shunaqa tartiblarni joriy qilish orqaligina biz bojxona nazoratini [samarali] amalga oshirishimiz mumkin. Dunyoda boshqacha yo‘li yo‘q”, – dedi Ilhom Muxtorov 26 iyul kungi matbuot anjumanida.