Samarqand shahar Shohizinda ko‘chasida sodir bo‘lgan yong‘inda 5 ta xonadonning tom qismi va jihozlari yonib ketgan. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, bugun 26 iyul kuni soat 14:58larda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasiga Samarqand shahar Shohizinda ko‘chasidagi 242-uyda yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar tushgan. Olingan xabarga asosan hodisa yuz berayotgan joyga 5 ta yong‘inga qarshi bo‘linma jalb etilgan.
Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘layotgan xonadonga birinchi bo‘linma soat 15:04 da yetib borgan. Kuchli shamol natijasida yong‘in tezda katta maydonga tarqalgan. FVB bo‘linmalari yetib borganda 5 ta xonadonning taxminan 200 metr kvadrat maydonida shift va tom qismi hamda uy jihozlari yonayotgan bo‘lgan.
Tezkor harakatlar natijasida yong‘in soat 15:39 da o‘rab olinib, 17:00 da o‘chirilgan. Ta'kidlanishicha, hodisa oqibatida hech kim jarohat olmagan. Hozirda yong‘inning sababi va zarari aniqlanmoqda.