Avval xabar qilganimizdek, Qashqadaryo viloyatida kuchli shamol esib, qum bo‘ronlari kuzatilyapti. Kuchli esayotgan shamol bir qator tumanlarda elektr energiyasi ta'minotida uzilishlarga sabab bo‘lmoqda. Bu haqda «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, ayni paytda kuzatilayotgan kuchli shamol tufayli Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi, Shahrisabz, Kitob, Koson, Qarshi tumani va Qarshi shahrida joylashgan elektr tarmoqlarida sezilarli zarar kuzatilmoqda. Yuqorida nomi keltirilgan tuman va shaharlar hududida elektr ta'minotida muddatsiz uzilishlar kuzatilyapti.
Qayd etilishicha, noqulay tabiat hodisasi tufayli yetkazilgan nosozliklarni bartaraf etish bo‘yicha «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJning barcha kuchlari – ishchi-xodimlar safarbar etilgan.
«Shu bilan birga, elektr ta'minotidagi mazkur uzilishlar noma'lum muddatga qadar davom etishini ma'lum qilamiz», deyiladi «Qashqadaryo hududiy elektr tarmoqlari» AJ matbuot xizmati tarqatgan xabarda.