Nurotada IIB boshlig‘i sektorida sodir etilgan o‘g‘riliklar 7 oydan beri ochilmayapti

Jamiyat 14:33 / 25.07.2021 17553

Mahalla Nurota tog‘ tizmalari etagida joylashgan. Atrof qir-adirlik bo‘lgani sababli qadoqliklar asosan chorvachilik va qisman dehqonchilik bilan ro‘zg‘or tebratishadi. Davlat ishida ishlaydiganlar ham o‘z xonadonida hech yo‘qsa 4-5 bosh qo‘y boqadi.

2020 yilning dekabr oyida mahallada ketma-ket qo‘y va echkilar yo‘qola boshlaydi. IIB xodimlari oradan 7 oy o‘tsa hamki, o‘g‘rilarni topa olishmayapti. Kun.uz fuqarolarning murojaati asosida holatni joyiga borib o‘rgandi.

Mahallaning Tikonli qishlog‘ida yashovchi Mamarasul Nizomov uyida yolg‘iz yashaydi. Uning ma'lum qilishicha, ko‘pchilik hamqishloqlari o‘z chorvasini ertalab qo‘radan chiqarib yuboradi. Kun bo‘yi tog‘da o‘tlagan qo‘y-echkilar kechga yaqin o‘zi qaytib keladi. O‘sha kuni Mamarasul aka 14 bosh echkisini toqqa chiqarib yuborgan. Shundan 2 bosh echki qaytib kelgan, qolgani g‘oyib bo‘lgan.

«Echkilar toqqa ketgandi, kechqurun qaytishmadi. Ertasi kuni tongda bittasi keldi. Qolganlarini kuni bilan izladim, ammo topolmadim. Kechqurun yana bittasi qaytib keldi. Keyin profilaktika inspektoriga xabar berdim. U ham izladi. Biroq echkilar topilmadi. Yaqinda bir yil bo‘ladi bu voqeaga. Harakat bo‘lmayapti echkilarni topishga. O‘shanda mahallamizda bir oyda 4 marta o‘g‘rilik jinoyati sodir bo‘ldi. Birortasi ham ochilmadi. Oradan 4-5 oy o‘tgach profilaktika inspektori bir-ikki odam bilan kelib, deloni yopish uchun «echkilarim o‘zi kelib qoldi», degan mazmunda ariza yozib berishimni so‘radi», deydi Mamarasul aka.

Hududning profilaktika inspektori Jamshid Do‘smatov ishni shu tariqa yopmoqchi bo‘lgan. Lekin Mamarasul Nizomov «Men qonunni ham, xalqni ham aldamayman», deya aytilgan arizani yozib bermagan. Umuman olganda, Qadoq mahallasi tuman IIB boshlig‘ining sektori hududiga kirar ekan. IIB xodimlari ishidan norozi bo‘lgan faqatgina Mamarasul aka emas. Mahallaning Anna qishlog‘ida yashovchi o‘qituvchi Alijon Nabiyev uyi yonidagi qo‘radan 6 bosh zotdor qo‘yni olib ketgan o‘g‘rilarni topishda IIB xodimlari sustkashlikka yo‘l qo‘ygan deb hisoblaydi. 

«2020 yil 4 dekabr kuni qo‘radan 6 bosh qo‘yimni olib ketishgan. Tuman IIBga murojaat qilganmiz. Lekin ular kech harakat qilishdi. Men prokuraturaga ariza bilan murojaat qilgach, oradan 4-5 kun o‘tib ekspertiza qilishyapti. Mana, oradan shuncha vaqt o‘tganiga qaramay, natija yo‘q. Faqatgina IIB boshlig‘idan «qidirilmoqda», degan mazmunda xat keldi, ammo o‘g‘rilar topilmayapti. Hozir ham tog‘da qo‘ylar yo‘qolib turibdi», deya ta'kidlaydi Alijon Nabiyev.

Oradan bir hafta o‘tgach, 2020 yilning 10 dekabr kuni o‘g‘rilar Alijon Nabiyevning qo‘shnisi bo‘lgan Bahrom Davronovning qo‘rasidan ham bir bosh qo‘chqor va bir bosh qo‘yni o‘g‘irlab ketishgan.

Bahrom Davronov o‘g‘rilarni topish uchun IIB xodimlari hali u molbozorga, hali bu molbozorga yugurtirgani, imzo qo‘yish uchun tuman markaziga bir necha bor chaqirishgani, bu esa natijasiz ortiqcha chiqim bo‘lganini ma'lum qildi. Qiziq tomoni shundaki, 10 dekabr kuni sodir etilgan o‘g‘rilik holati bo‘yicha oradan 19 kun o‘tib — 29 dekabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu holatlar bo‘yicha izoh olish maqsadida profilaktika inspektori Jamshid Do‘smatov bilan ham uchrashdik. Ammo u rahbarining (tuman IIB boshlig‘ining – tah.) ruxsatisiz intervyu bera olmasligini bildirdi.

Navoiy viloyati IIB matbuot xizmati rahbari O‘ktam Usmonov Kun.uz’ga holat yuzasidan izoh berib, mazkur o‘g‘riliklar bo‘yicha hozirgi kunga qadar maxsus tadbirlar orqali qidiruv ishlari amalga oshirilib kelinayotganini ma'lum qildi.

Muxtasar qilib aytganda, uch oilaning bozor narxi jami 23 million so‘m bo‘lgan qo‘y-echkilari oradan shuncha payt o‘tsa-da, topilgani yo‘q. Jinoyatni sodir qilganlar ushlanmagan. Xonadon egalari esa o‘g‘rilar topilishidan hamon umidvor. Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi. 

Ruslan Saburov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: