Angliya: «Nyukasl» uchun dahshatli tush
«Nyukasl» – «Bornmut» 1:4
Gollar: 0:1 – 6 Klyuyvert, 1:1 – 25 Bruno Gimaraes, 1:2 – 44 Klyuyvert, 1:3 – 90+2 Klyuyvert, 1:4 – 90+6 Kerkez.
«Nyukasl» – Dubravka, Holl (Trippiyer, 66), Bern, Botman (Sher, 46), Livramento, Joelinton, Tonali, Bruno Gimaraes (Osula, 90+1), Gordon, Myorfi (Uillok, 66), Isak.
«Bornmut» – Arrisabalaga, Kerkez, Xeysen, Zabarnyy, Kuk, Kristi, Adams, Semeno, Klyuyvert (Uinterbern, 90+7), Bruks (Jyebbison, 82), Uattara (Ris-Dottin, 90+7).
Ogohlantirishlar: Adams (45+5), Joelinton (45+5), Klyuyvert (45+6), Kristi (70), Uattara (77), Jyebbison (90+3), Kerkez (90+7).
O‘tgan turda «Bornmut» «Chelsi»ni mag‘lub etishga yaqin edi, ammo «Stemford Brij»dagi o‘yinning qo‘shimcha daqiqalarida g‘alabani boy berdi (2:2). Endi «olchalar» so‘nggi haftalarni o‘ta kuchli o‘tkazib, kuchli to‘rtlikka yorib kirgan «Nyukasl»ga muammolar tug‘dirdi. «Qarg‘alar» tezkor golga bo‘lim o‘rtalarida Bruno Gimaraesning goli bilan javob qaytarishdi. Ammo tanaffus arafasida aynan ushbu braziliyalik o‘z jamoasi jarima maydoni yaqinida pressing ostida to‘pni yo‘qotdi va Klyuyvert dublni rasmiylashtirdi. Jastin 20 yil muqaddam mashhur otasi Patrikka muxlislik qilgan «Sent-Jyeyms Park»da raqib jamoa futbolchisi sifatida gol urdi.
Ikkinchi bo‘limda Eddi Hau sobiq jamoasi «Bornmut»ni jarima maydoniga qamal qilib qo‘ygandek ko‘ringandi, ammo mehmonlar bardosh berishdi. Mezbonlarni raqib hujumlaridan ustun, darvozabon va VAR saqlab turdi, mehmonlar uchinchi golni urishganda videotakror vaziyatga aralashib, hujumdan oldin mezbonlar vakili to‘pni maydon tashqarisiga chiqarib yuborganini qayd etdi. Kepa darvozasi atrofida esa u qadar xavfli vaziyatlar yuzaga keltirilmadi. Bungacha qatorasiga sakkiz turda maydonni golsiz tark etmagan Isak bu o‘yinda raqib mudofaasiga chora topa olmadi. Natijada uning seriyasi hamda «qarg‘alar»ning qatorasiga sakkiz uchrashuvdan iborat seriyasi to‘xtatildi. Endi turnir jadvalida «Nyukasl» va «Bornmut»ni atigi bir ochko ajratib turibdi. Mavsumda ikkinchi bor het-trik qayd etgan Klyuyvert bilan jamoa grand jamoalardan ochko olishda davom etmoqda.
«Brentford» – «Liverpul» 0:2
Gollar: 0:1 – 90+1 Nunes, 0:2 – 90+3 Nunes.
«Brentford» – Flekken, van den Berg, Kollinz, Lyuis-Potter, Roerslev, Yanelt (Shade, 66), Nergor, Yarmolyuk, Damsgor (Yyensen, 81), Mbemo, Vissa.
«Liverpul» – Alisson, Tsimikas (Roberson, 65), van Deyk, Konate, Aleksander-Arnold, Mak Allister (Jons, 80), Gravenberx, Gakpo (Kiyeza, 87), Soboslai (Elliot, 80), Saloh, Dias (Nunes, 65).
Ogohlantirishlar: Tsimikas (8), Soboslai (43), Nergor (68), Roerslev (69), Nunes (90+2).
«Liverpul» birinchi bo‘limning o‘zida raqib darvozasi tomon 19 bor zarba yo‘lladi (o‘yin oxiriga qadar 37 taga yetdi), ammo faqat besh urinishda to‘p darvoza sohasiga to‘g‘ri bordi. Keskinlik bo‘yicha Soboslaining uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi yodda qolarli bo‘ldi, bu vaziyatda to‘sin mezbonlar joniga ora kirdi. 89-daqiqada Salohning o‘z uslubidagi aylanma zarbasi ham muvaffaqiyatsiz chiqqanida bu safar qizillarning kuni emasligi haqida hissiyot paydo bo‘lgandi. Ammo Arne Slot boshqaruvidagi jamoa so‘nggi daqiqalarni Yurgen Klopp davridagidan ham kuchliroq o‘tkazmoqda. Arbitr tomonidan qo‘shib berilgan besh daqiqaning birinchisida Elliot Aleksander-Arnoldning qanotdan yurishini qo‘llab-quvvatladi, himoyachi esa ikkinchi urinishda to‘pni qulay vaziyatda turgan Nunesga yetkazib berdi. Ikkinchi bo‘limda Luis Dias o‘rniga maydonga tushgan urugvaylik hujumchi bir necha daqiqa o‘tib Elliottning uzatmasidan keyin dublga erishdi va oqshom qahramoniga aylandi.
«Arsenal» – «Aston Villa» 2:2
Gollar: 1:0 – 35 Martinelli, 2:0 – 55 Haverts, 2:1 – 60 Tilemans, 2:2 – 68 Uotkins.
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Timber, Lyuis-Skelli, Parti, Merino, Rays, Edegor, Trossard, Haverts, Martinelli (Sterling, 82).
«Aston Villa» – Martines, Matsen (Din, 46), Mingz, Konsa, Kesh, Onana (Bogarde, 37), Kamara, Remzi (Beyli, 85), Tilemans, Rojyers, Uotkins (Duran, 80).
Ogohlantirishlar: Matsen (20), Arteta (30), Emeri (63), Trossard (67), Kamara (78), Sterling (90+4), Rojyers (90+5).
Mavsumning birinchi qismida Edegor jarohat tufayli safdan chiqqanida ham «Arsenal» hujumda muammolarga uchragandi. Endi esa «kanonirlar»ning yo‘qotishlari mavsum yakuniga qadar o‘ynay olmaydigan Gabriel Jyezus bilan cheklanmaydi. Dekabrning oxirgi kunlarida Saka jarrohlik amaliyotini boshdan kechirgandi, uning tiklanishi uchun ham bir necha oy talab etiladi. Mikel Arteta turli variantlarni sinab ko‘rmoqda, shu tufayli Trossar o‘zining eng yaxshi formasiga qaytishi talab etilmoqda. Belgiyalik hujumchi hafta o‘rtasida «Tottenhem»ga qarshi derbida g‘alaba golini urgandi (2:1). Endi o‘zi uchun xos bo‘lmagan o‘ng qanot hujumida o‘ynayotgan Gabriel Martinelliga golli uzatma berdi. Martines to‘pni to‘sdi, ammo to‘p chiziqni kesib o‘tdi.
O‘tgan mavsumda «Arsenal» birinchi bo‘limda hisobda ustunlikka erishishi g‘alaba kafolati hisoblanardi (18 o‘yin). Bu mavsumda ham esa «kanonirlar»da bu borada pasayish kuzatilmoqda va birinchi bo‘limni g‘alaba bilan yakunlagan 12 o‘yindan beshta holatda yakunda ustunlikni boy berib, durang o‘ynagan. Shanba oqshomidagi o‘yinda esa Haversning ikkinchi goli ham yetarli bo‘lmadi. Birinchi bo‘lim davomida Onanasiz qolgan «Aston Villa»ni o‘tkazib yuborilgan ikkinchi goldan besh daqiqa o‘tib Tilemans jonlantirdi, u Dinning chap qanotdan uzatmasini bosh bilan darvozaga yo‘lladi, ko‘p o‘tmay Kesh boshqa qanotdan Uotkinsni golli pas bilan ta’minladi. «Liverpul» o‘yin oxirida raqiblarini taslim etayotgan bo‘lsa, «Arsenal»ga qotillik instinkti yetishmayapti.
«Arsenal» baribir g‘alabani ilib ketishi mumkin edi, 88-daqiqada Merinoning goli bekor qilindi. Videohakamlar bu vaziyatda to‘p Haversning qo‘liga tekkan deb topib, bosh hakamning qarorini o‘zgartirishdi. Lekin bu holat kadrlari keltirilmadi va arbitr ham monitoring qarshisiga chaqirilmadi.
Qo‘shimcha daqiqalarda ispaniyalik yarimhimoyachining yana bir zarbasi ustunga tegdi, Trossar esa qulay imkoniyatda to‘g‘ri zarba bera olmadi va hisob o‘zgarmay qoldi.
Endi turnir jadvalida birinchi va ikkinchi o‘rinlar orasidagi farq olti ochkoni tashkil etmoqda, qolaversa, peshqadamda bitta zaxira o‘yini ham bor. O‘tgan mavsumda har ikki o‘yinda ham sobiq jamoasini mag‘lub etgan Unai Emeri yakunda «Arsenal» chempionlikdan mosuvo bo‘lishiga sababchi bo‘lgandi. Bu mavsumda ham o‘zaro o‘yindagi durang «kanonirlar»ni chempionlikdan uzoqlashtirdi.
Ispaniya: Grizmann «Atletiko»ni uyaltirdi
«Leganes» – «Atletiko» 1:0
Gol: 1:0 – 49 Nastasich.
«Leganes» – Dmitrovich, Xavi (Brashanats, 46), Roze, Nastasich, Serxio Gonsales, Tapiya (Saens, 72), Xuan Krus, Sisse, Neu, Raba (Lopes, 80), de la Fuente (Diyego Garsiya, 85).
«Atletiko» – Oblak, Galan (Nino, 79), Langle, Le Norman, Molina (Liorente, 60), Gallaxer (Lino, 46), Barrios (Koke, 60), De Paul, Simeone (Korrea, 65), Alvares, Grizmann.
Birinchi bo‘limda Diyego Simeone jamoasi barchasini omadga to‘nkashi mumkin edi, ikki holatda «Leganes»ni darvoza ustuni va to‘sini qutqardi. Ammo bular voqealarning keyingi rivoji bilan solishtirganda arzimas holatlar ekani ma’lum bo‘ldi. Odatdagidek «Atletiko» mudofaasi burchak zarbasi ijro etilganida muvaffaqiyatsiz harakatlanib, Nastasichga bosh bilan gol urish imkonini berdi.
«Matraschilar» bu mavsumda hisobda ortda borgan o‘yinlarida vaziyatni o‘nglab, qo‘lga kiritgan ochkolari soni bo‘yicha yaqqol peshqadamlik qilmoqda. Shanba kuni bu ko‘rsatkich (15 ochko) yaxshilanishi mumkin edi, ammo 90-daqiqada penaltini ijro etgan Grizmann to‘pni darvoza sohasiga to‘g‘ri tepa olmadi. Holbuki fransuz futbolchisi madridliklar safida sakkiz mavsum davomida 11 metrlik zarbada adashmagandi, uning oxirgi xatosi ham aynan «Leganes» bilan o‘yinda ro‘y bergandi. Natijada qizil-oqlar barcha turnirlar doirasidagi qatorasiga 15 g‘alabadan keyin yutqazib qo‘ydi va birinchi o‘rinni «Real»ga boy berib qo‘yishi mumkin. Hamshaharlar buning uchun yakshanba kuni «Santiyago Bernabeu»da «Las-Palmas»ni mag‘lub etishi kifoya qiladi.
«Xetafe» – «Barselona» 1:1
Gollar: 0:1 – 9 Kunde, 1:1 – 34 Arambarri.
«Xetafe» – Soriya, Riko, Alderete, Duarte, Iglesias, Jyene, da Kosta (Bekusha, 90+2), Milya, Arambarri (Santiyago, 49), Alenya (Karles Peres, 66), Uche.
«Barselona» – Penya, Balde, Kubarsi, Arauxo, Kunde, Pedri, Kasado (de Yong, 46), Rafinya, Gavi (Olmo, 62), Yamal, Levandovski (Ferran Torres, 81).
Ogohlantirishlar: Santiyago (53), Jyene (86), Bordalas (90+4), Flik (90+4), Bekusha (90+5), Rafinya (90+5), Balde (90+6)
«Xetafe» «Barselona»ga Ispaniya Superkubogidagi g‘alabasi uchun chempionlik yo‘lagi uyushtirib, hurmat bajo keltirdi, ammo maydonda ko‘k-anorranglilarga shiddatli kurash taklif etdi. Kataloniyaliklar Madrid chekkasidan bo‘lgan ushbu jamoa maydonida olti yil mobaynida to‘rt o‘yinda gol ura olmagandi. Bunga markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Kunde chek qo‘ydi, u la liganing bu mavsumida himoyachilar orasida o‘nta golli harakat amalga oshirgan ilk futbolchi bo‘lib oldi (3+7).
Ammo to‘liq ustunlikka erishilganiga qaramay bir gol g‘alabani kafolatlay olmadi. Rafinya qulay vaziyatda bosh bilan xato zarba berganidan keyin «Xetafe» kamdan kam hujumlaridan birida hisobni tenglashtirdi. Inyaki Penya ajoyib seyv amalga oshirdi, ammo qaytgan to‘pga zarba bergan Arambarri qarshisida ojiz qoldi. Urugvaylik yarimhimoyachi mavsum yarmiga kelib, beshinchi golini urgan holda eng sermahsul mavsumini o‘tkazmoqda. Qolgan vaqt davomida uning jamoasi hisobni saqlab qolish uchun borini maydonga tashladi va maqsadiga erishdi. Shu kuni Yamalning sehri ham ish bermadi. U ketma-ket zarbalar yo‘lladi, ammo himoyachilar to‘sig‘idan o‘ta olmadi. O‘yin oxirida de Yong va Rafinya ham o‘z imkoniyatlaridan foydalan olmadi. La ligada so‘nggi 8 bahsda atigi 1 marta g‘alaba qozongan «Barsa» «Atletiko»ga yetishiga hali ancha bor, shanba kungi natijalar esa «Real»ning foydasiga ishladi.
Italiya: «Yuventus» Konseysau magiyasiga qarshi
«Yuventus» – «Milan» 2:0
Gollar: 1:0 – 59 Mbangula, 2:0 – 64 Vea.
«Yuventus» – Di Gregorio, Kambyazo, Kalulu, Gatti, Makkenni, Tyuram (Fadjoli, 83), Lokatelli, Kopmeyners (Duglas Luis, 75), Mbangula, Yildiz (Vea, 46), Gonsales (Vlahovich, 83).
«Milan» – Menyan, Teo, Tomori, Gabbiya, Emerson (Kamarda, 74), Reynders (Terrachchano, 80), Fofana, Bennaser (Ximenes, 63), Rafael Leau, Abraham (Yovich, 80), Musa.
Yaqinda ushbu jamoalar superkubok yarimfinalida to‘qnashgan, bu o‘yin Serjiu Konseysauning «Milan» boshqaruvidagi ilk o‘yinida iroda ko‘rsatib g‘alaba qozonishi bilan yakunlangandi (2:1). Navbatdagi to‘qnashuvning birinchi bo‘limida har ikki tomonda ham hisobni ochish uchun yetarlicha vaziyatlar bo‘ldi, ikkinchi bo‘limda esa «Yuventus»ning qo‘li balandroq keldi. Byankonerilar safida Mbangula rikoshet yordamida Menyanni ilojsiz ahvolda qoldirdi.
Tiagu Motta jamoasi bu mavsumda hisobni ochgan o‘yinlarida juda ko‘p bor ochko yo‘qotgani bilan ajralib turadi. Yigirma o‘yinda hisob ochilganidan keyin 13 durang qayd etilgan — bu haqiqiy anomaliya. Ammo bu safar «Keksa siniora» g‘alabani mustahkamlash uchun harakat qildi, jamoa safidagi taniqli futbolchilarning farzandlari rossonerilarni nokautga uchratdi. Kefren Tyuram Veani qulay vaziyatga chiqardi, u esa fint ishlatib Tomorini ortda qoldirdi va darvozabondan ildamroq harakat qildi. Superkubokdagi mag‘lubiyat uchun revansh olindi, Konseysau esa «Milan» bosh murabbiyi sifatida ilk bor yutqazdi. Uning jamoasi hamon yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi hududdan tashqarida, «Yuve» esa kamida «Latsio»ning yakshanba kungi o‘yini oxiriga qadar kuchli to‘rtlikka kirib oldi. Turinliklar tarixda ilk bor A seriyada qatorasiga to‘rt o‘yinda rossonerilardan gol o‘tkazib yubormadi.
«Atalanta» – «Napoli» 2:3
Gollar: 1:0 – 16 Retegi, 1:1 – 27 Politano, 1:2 – 40 Maktominey, 2:2 – 55 Lukman, 2:3 – 78 Lukaku.
«Atalanta» – Karnezekki, Skalvini (Breshianini, 83), Xin, Jimshiti, Samarjich (Pashalich, 77), Rudjyeri (Dzappakosta, 68), de Ron, Ederson, Bellanova, Lukman (Dzaniolo, 77), Retegi (de Ketelare, 68).
«Napoli» – Meret, Olivera, Jyezus, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa, Neres (Spinatssola, 73), Lukaku (Simeone, 84), Politano (Matssokki, 82).
Ogohlantirishlar: Neres (42), Jimshiti (64), Rudjyeri (66), Konte (73), Skalvini (76), Xin (85), Maktominey (88).
Turning asosiy o‘yinida turnir jadvalining yuqori qismidagi ikki jamoa to‘qnashdi. Chempionat peshqadami, hafta o‘rtasida «Inter»ning durangi ko‘rinishida sovg‘ani qabul qilib olgan «Napoli» o‘tgan oyda ham turnir jadvaliga peshqadamlik qilib turgan «Atalanta» mehmoni bo‘ldi. Bergamoliklar oxirgi uch o‘yinida durang o‘ynadi va o‘zi uchun hal qiluvchi o‘yinda Antonio Kontening himoya betonini buzish maqsadida maydonga tushdi. O‘yin boshida Retegining zarbasi bilan bu vazifa uddalandi. Ammo unga xuddi shunday gol bilan Politano javob qaytardi.
Javob goliga bu mavsumda Kvaratsxeliyaning yo‘qligini bilintirmasligi kerak bo‘lgan David Neres hammualliflik qildi. Bo‘lim oxirida esa Zambo-Angissa ham Xvichaning sevimli nuqtasidan Maktominayga golli pas berdi va «Napoli» tanaffusga qadar o‘yinda burilish yasadi. Ammo tanaffusda Jan Piyero Gasperini o‘z jamoasiga kerakli ko‘rsatmalarni berdi va ikkinchi bo‘lim boshida Lukman jarima maydoniga yorib kirib, atrofini raqib himoyachilari o‘rab turganiga qaramay, aniq zarba yo‘llashga erishdi.
O‘yin 2:2 hisobi bilan yakunlanmasligi ko‘rinib turardi va shunday bo‘ldi ham. Zambo-Angissa — yana chap qanotdan Lukakuga namunali uzatma berdi. Belgiyalik hujumchi o‘z ishini to‘g‘ri bajarib, g‘alabani ta’minladi «Napoli» noyabr oyidagi 0:3 uchun revansh oldi va birinchi o‘rinni mustahkamladi.
Germaniya: autsayderdan aql bovar qilmas kambek
«Bavariya» – «Volfsburg» 3:2
Gollar: 1:0 – 20 Goretska, 1:1 – 24 Amura, 2:1 – 39 Olise, 3:1 – 62 Goretska, 3:2 – 88 Amura.
«Bavariya» – Noyyer, Devis, Kim Min Chje, Upamekano, Laymer, Goretska, Kimmix, Koman (Musiala, 75), Olise, Sane (Gnabri, 67), Keyn.
«Volfsburg» – Grabara, Mele, Kulerakis, Vavro, Fisher, Arnold, Gerxardt (Vranks, 63), Dardai (Svanberg, 71), Vimmer (Vind, 71), Amura, Nmecha (Tiagu Tomash, 63).
Ogohlantirishlar: Mele (45+2), Vimmer (61), Kimmix (79), Laymer (83), Fisher (90+5).
«Volfsburg» yilni ikki g‘alaba bilan boshlab, yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarga yaqinlashib oldi. «Bo‘rilar» jamoasi Myunxenda ham ilk daqiqalardagi shturmdan cho‘chimadi, uzoq masofadan yo‘llagan zarbasi bilan hisobni ochgan Goretskaga jarima zarbasini ajoyib ijro etish va Amurani zarba berish nuqtasiga olib chiqish bilan javob qaytardi. Lekin Vensan Kompani jamoasi hozirda ko‘tarilish davrida va uning kuchli pressingi hamda hujumdagi bosimiga dosh berish qiyin. Natijada — tanaffusga qadar mezbonlar yana hisobda oldinga chiqib olishdi, Olisening himoyachilar ortidan yo‘llagan zarbasi darvozabonni qiyin ahvolda qoldirdi. Lekin Grabara bir necha vaziyatda qutqardi, bo‘lim oxirida esa Kimmihning goli bekor qilindi. Baribir ikkinchi bo‘lim boshida uchinchi gol urildi, Olise jarima zarbasini ijro etdi, Goretska bosh bilan aniq zarba yo‘llab, dublni nishonladi. Amuraning dubli esa hech narsani o‘zgartira olmadi. «Bavariya»ning peshqadamligiga hech narsa xavf solmayapti.
«Bayyer» – «Borussiya» M 3:1
Gollar: 1:0 – 32 Virts, 2:0 – 62, penalti Virts, 3:0 – 74 Shik, 3:1 – 90+1 Klyayndinst.
«Bayyer» – Gradetski, Grimaldo (Aleish Garsiya, 81), Tapsoba, Ta, Artur, Chaka (Palasios, 81), Andrix, Virts (Hofmann, 81), Tella (Frimpong, 63), Tere (Inkapie, 8), Shik.
«Borussiya» M – Nikolas, Ulrix (Nets, 75), Elvedi, Itakura, Layner, Hak (Shteger, 75), Zander (Fukuda, 87), Vaygl, Rayts (Kyarodia, 81), Chvanchara (Plea, 75), Klyayndinst.
Ogohlantirishlar: Chvanchara (59), Layner (90+3).
Kunni yakunlab bergan leverkuzenliklar esa «Bavariya»ga oradagi to‘rt ochkolik farqni yiriklashtirib olishga imkon bermadi. Habi Alonso jamoasi Menhengladbahning «Borussiya» klubiga imkon qoldirmadi, raqiblar Virsning benefisi qarshisida ojiz edi. U avvaliga Chakaning ancha ichkaridan uzatgan pasini qabul qilib, Itakurani bolalarcha aldab o‘tdi va hisobni ochdi. Keyin — penaltini aniq ijro etdi. Ikkinchi bo‘lim o‘rtalarida esa Florian Shikni qulay vaziyatga chiqarib yubordi, Bonifeysning yo‘qligini bildirmayotgan chexiyalik hujumchi amalda o‘yin taqdirini hal qildi.
«Bohum» – «Leypsig» 3:3
Gollar: 0:1 – 10 Orban, 0:2 – 13 Nusa, 0:3 – 21 Baumgartner, 1:3 – 48 Boadu, 2:3 – 56 Boadu, 3:3 – 61, penalti Boadu.
«Bohum» – Dreves, Bernardo, Ordets, Ermann, de Vit (Dashner, 90+2), Vittek, Sissoko, Bero, Passlak (Xoltmann, 46), Broshinski (Mashovich, 89), Boadu (Xofmann, 90+2).
«Leypsig» – Gulachi, Orban, Klostermann, Zayvald, Nusa, Simons, Raum, Kampl, Vermeren (Aydara, 68), Baku (Poulsen, 73), Baumgartner.
Ogohlantirishlar: Bero (9), Passlak (20), Sissoko (69), Ordets (90+2).
Bohumdagi o‘yindan alohida natija kutilmayotgandi. «Leypsig» birinchi bo‘lim o‘rtalaridayoq hisobni yiriklashtirib qo‘ydi. Ammo uch gol farqi mehmonlarni xotirjamlikka berilishga undadi, ikkinchi bo‘limda esa niderlandiyalik Boadu o‘n uch daqiqa ichida het-trik rasmiylashtirdi. Mehmonlar turnir jadvalining so‘nggi o‘rnida kelayotgan «Bohum»ning birinchi goli urilgan hujumda elementar vaziyatda qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yishdi. «Bohum»ning keyingi gollari qarshi hujumlarda o‘tkazib yuborildi. Kutilmagan ochko yo‘qotishdan keyin «Leypsig» YeChLga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarni tark etdi. So‘nggi turlarni kuchli o‘tkazgan «Shtutgart» to‘rtinchi o‘ringa ko‘tarilib oldi. Parallel o‘yinda shvablar «Frayburg»ni yirik hisobda taslim etishdi (4:0) - jamoa yanvardagi barcha uch o‘yinida g‘alabaga erishgan.