AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp o‘z maslahatchilariga inauguratsiyasidan keyin Xitoyga tashrif buyurishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi, deb xabar bermoqda The Wall Street Journal.
Vaziyatdan xabardor manbalarning ma’lum qilishicha, Tramp Xitoyga o‘z prezidentligining dastlabki 100 kuni ichida borishga qiziqish bildirgan.
WSJ’ning qayd etishicha, hozirda safar bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan.
Tramp 20 yanvar kuni AQSh prezidenti lavozimiga kirishadi. Marosimda XXR raisi o‘rinbosari Xan Chjen ham ishtirok etishi rejalashtirilgan.
17 yanvar kuni Tramp XXR raisi Si Jinping bilan telefon orqali muloqot qilgandi. Suhbat davomida Vashington va Pekin yaqin vaqtlar ichida birgalikda «ko‘plab muammolarni hal etishga» kelishib olgan.
Tramp oxirgi marta Pekinga 2017 yilda, birinchi prezidentlik muddati boshlangan vaqtda borgan edi.