Senat Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan Rossiyaga yuborilgan o‘zbekistonliklar shikoyatini nazoratga oldi

Jamiyat 21:08 / 24.07.2021 9580

Ijtimoiy tarmoqlarda Rossiyada kuniga 120-130 rubl (taxminan 20 ming so‘m) evaziga ishlayotganini bildirgan O‘zbekiston fuqarolarining videomurojaati tarqaldi.

Videomurojaatda o‘zbekistonliklar o‘zlarining 41 nafar ekani, ammo va'da qilingan oylik maoshlari berilmayotgani, ishlash va yashash uchun sharoit yetarli emasligi, qiyin ahvolda qolishganini bayon qiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, ushbu fuqarolar Andijon viloyati filiali orqali Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun borishgan. Videoda ushbu fuqarolar o‘zlarini ishga yuborgan filial rahbariga muroajaat qilib, muammolarini hal qilishni so‘raydi.

Senat axborot xizmati mazkur videomurojaat parlament yuqori palatasining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinganini bildirdi.

“Qo‘mita tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga ushbu holat yuzasidan tushuntirish berilishi bo‘yicha so‘rov yuborildi. Holat bo‘yicha o‘rganish natijalari ma'lum qilinadi”, deyiladi rasmiy munosabatda.

Kun.uz videomurojaat yuzasidan rasman izoh berilishini so‘rab, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligigiga murojaat qildi. Agentlik axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norovning ma'lum qilishicha, 2021 yilning 14-16 iyul kunlari agentlik ishchi guruhi ijtimoiy tarmoq orqali murojaat qilgan fuqarolar bilan ham uchrashgan. Uchrashuvda ularning muammolari o‘rganilgan.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi muhokamalarga sabab bo‘layotgan videomurojaat yuzasidan rasman bayonot ham berdi.

“Rossiya Federatsiyasining Cherkessk shahridagi “Yujnyy” agrokombinati korxonasida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan yurtdoshlarimiz murojaatiga asosan, ularning muammolarini o‘rganish maqsadida joriy yilning 14-16 iyul kunlari Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ishchi guruhi ushbu korxonaga tashrif buyurgan edi.

O‘rganishlar natijasida mazkur korxonada 2019 yildan buyon 46 nafar samarqandlik yurtdoshlarimiz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgani, 2021 yilda yana 109 nafar andijonlik yurtdoshlarimiz ish boshlagani ma'lum bo‘lgan.

Ish beruvchi korxona rahbariyati bilan mehnat migrantlarining yashash va mehnat sharoitlarini yaxshilash, oylik maoshlarini o‘z vaqtida berish hamda hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish bo‘yicha kelishuv dalolatnomasi rasmiylashtirilgan. Hozirgi vaqtda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan yuqoridagi murojaat nazoratga olinganligini ma'lum qilamiz”, deyiladi agentlik bayonotida.

Biroq bayonotda agentlik tomonidan ishga yuborilgan fuqarolar duch kelayotgan qiyinchiliklarga nima sabab bo‘lgani, nima uchun ishchi-guruh borib kelganidan so‘ng ham vaziyat iziga tushmagani haqida lom-mim deyilmagan. O‘zbekiston fuqarolari videomurojaatda mutasaddilar oldiga qo‘ygan savollarga ham hech qanday javob berilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: